Prezident selektori: Har bir tarmoq va hududda ijro intizomini mustahkamlash, rahbarlarning mas’uliyati va faoliyat samaradorligini oshirish – eng muhim vazifa

10:02 30 May 2018 Siyosat
372 0
Foto: president.uz

Shu yil 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport-import, mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim tadbirlarni samarali o‘tkazish bilan bog‘liq bugungi kunda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masalalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, videoselektor orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishda qishloq xo‘jaligi sohasining o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Mazkur tarmoqda 3,6 milliondan ziyod kishi mehnat qilmoqda, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi izchil oshib bormoqda.

Shuning uchun ham 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu borada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hech shubhasiz, bularning barchasi pirovardida xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, qishloq joylarga sanoatning jadal kirib borishi va yangi ish o‘rinlari ochish uchun agrar sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida keng imkoniyat yaratadi.

O‘tgan bir yarim yil mobaynida eksportni rag‘batlantirish va buning uchun zarur qulaylik va imtiyozlar yaratish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi doirasida joriy etilayotgan yangiliklar, tarmoqlar hamda hududlardagi mavjud eksport salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy choralar natijasida eksport hajmi oshmoqda. Jumladan, joriy yilning 25 mayiga qadar 4 milliard 576 million dollar hajmida eksport amalga oshirilgan. Shu oyning oxirigacha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari bajariladi. 2017 yilning 5 oyiga solishtiradigan bo‘lsak, eksport hajmi qariyb 21 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 5 milliard 886 million dollarlik eksport amalga oshirilib, prognoz ko‘rsatkichlari 100,9 foizga bajarilishi va 2017 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 25 foiz o‘sishga erishish mo‘ljallanmoqda.

Foto: president.uz

Davlatimiz rahbari yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini ana shunday ijobiy natijalarga qaratar ekan, ayni vaqtda ular mavjud imkoniyat va salohiyatga nisbatan ancha pastligini ta’kidladi. Ayrim tarmoq va hududlar rahbarlari bu borada o‘z mas’uliyatini yetarli darajada his etmayotgani, bu esa eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha rezervlar to‘liq ishga solinmasligiga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari bo‘yicha atroflicha tanqidiy tahlil qilinib, bu borada amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar belgilab olindi. Mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida belgilangan rejalarni bajarmagan tashkilot va korxonalar, hududlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilish, qoloqlikning sabab va oqibatlarini aniqlab, ularni tezda bartaraf etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga amaliy topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Selektor yig‘ilishida mamlakatimizda importni optimallashtirish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekani qayd etildi. Joriy yilning 4 oyi mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha tovarlar importi 4 milliard 858 million dollarni tashkil etib, 2017 yilning shu davriga nisbatan 1 milliard 111 million dollarga yoki 30 foizga oshgan. Bunday holatga sabab bo‘lgan omillar asosan import tarkibini o‘rganish va importni optimallashtirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani, yanvar-aprel oylarida komplekslar tarkibiga kiradigan korxonalar tomonidan yurtimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan tovarlarni xarid qilish o‘rniga, chetdan shu turdagi 89 million dollarlik mahsulot import qilingani bilan bog‘liq ekani aytib o‘tildi.

Ana shunday kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf et

ish va oldini olish yuzasidan mas’ul shaxslarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda bu yil mamlakatimizda yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘lgani, buning oqibatida aksariyat hududlarda suv tanqisligi yuzaga kelgani, bunday holatsuvdan oqilona foydalanishni taqozo etishi alohida ta’kidlandi.

Shu maqsadda sholi ekiladigan maydonlarni 162 ming gektardan 94 ming gektarga qisqartirish, suv ta’minotida muammo bo‘lmagan Sirdaryo viloyatida 7,5 ming gektar yerni Xorazm viloyati fermerlariga, Jizzax viloyatida 5,5 ming gektar yerni Qoraqalpog‘iston fermerlariga takroriy ekin sifatida sholi ekish uchun berish zarurligi qayd etildi.

Suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatida takroriy ekin maydonlari 30 ming gektarga, Samarqand viloyatida 42 ming gektarga, Buxoro viloyatida 20 ming gektarga, Navoiy viloyatida 14 ming gektarga va Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektarga kamaytirilishi ma’lum qilindi. Ushbu hududlarda suvni kam talab etadigan mosh, loviya va boshqa ozuqabop ekinlar ekish, ularni suv manbalariga yaqin yer maydonlariga joylashtirish kerakligiga e’tibor qaratildi. Ana shu ishlarni o‘z vaqtida, samarali tashkil etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Videoselektor yig‘ilishida yurtimizda bu yil bahor oylarining salqin va quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani, natijada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan g‘o‘za rivojlanishi ancha orqada qolayotgani, bu esa uning parvarishiga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etishi haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Ayniqsa, bunday og‘ir sharoitda kultivatorlardan yuqori darajada samarali foydalanish, tuproqni chuqur yumshatish, mayda chopiq qilish, qishloq xo‘jaligi zararkunandalarga qarshi kurashish va nazorat ishlariga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishni talab etishi qayd etildi.

Shuningdek, bu yil paxta yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish, agrotexnik tadbirlarni vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun texnik vositalar tayyorligini hamda ularni muntazam ravishda dizel yoqilg‘isi bilan ta’minlash ishlarini tashkil etish yuzasidan tegishli vazirlik, idora va hududlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda 1 iyundan 1 iyulgacha “G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” e’lon qilinishi bo‘yicha kelishib olindi. Katta mehnat va xarajat bilan yetishtirilgan hosilni to‘la saqlab qolish maqsadida fermer xo‘jaliklari rahbarlari va ishchilari qishloq xo‘jaligi xodimlari va mutasaddilarining suvchi va mexanizatorlar, agrar soha olim-agronomlari bilan birgalikda barcha bo‘g‘indagi deputatlarning ham safarbarligi va mas’uliyatini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi.

Kun tartibidagi yana bir muhim masala – joriy yilda yetishtiriladigan g‘alla hosilini nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatda yig‘ishtirib olish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar ham muhokama qilindi.

Mamlakatimiz bo‘yicha bu yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida qatnashadigan mavjud 3 ming 106 ta yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlarini sifatli ta’mirlash va mavsumga vaqtida tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Bundan tashqari, 400 ta yangi g‘alla o‘rish kombayni ham joylarga yetkazilmoqda. Bu esa o‘rim-yig‘im ishlarini har yilgiga nisbatan bir hafta oldin yakunlash imkonini beradi. Buning uchun joylarda g‘alla o‘rim-yig‘imi otryadlarini tuzib, ularga kombayn, don tashish texnikasi, ko‘chma ta’mirlash ustaxonalari va yoqilg‘i quyish agregatlarini biriktirib, o‘rim-yig‘im ishlarini grafik asosida tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Vazirlar Mahkamasiga tez kunlarda joriy yildagi g‘alla o‘rim-yig‘imi bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni o‘z ichiga olgan qaror loyihasini kiritish vazifasi topshirildi.

Majlisda hududlarda byudjetga qo‘shimcha daromadlarni jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlarning holati ham tanqidiy tahlil asosida ko‘rib chiqildi. Bu borada joriy yilning shu davri uchun belgilangan rejalar ayrim hududlarda bajarilmasdan qolayotgani tanqid qilindi. Natijada shu hududlarda soliq qarzdorligi oshib bormoqda.

Joylardagi mahalliy hokimliklar, sektorlar rahbarlari hanuzgacha byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va jalb qilishdan ko‘zlangan maqsadni chuqur tushunib yetmayotgani tanqid ostiga olindi. Bu borada moliya tashkilotlar

i tomonidan qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilmayotgani, faoliyat ko‘rsatmayotgan yuridik shaxslar faoliyatini qayta tiklash o‘rniga faqatgina tashkilotni tekshirib, uning faoliyatini tugatish bilan cheklanayotgani asosiy sabablar sifatida qayd etildi. Har bir tarmoq va hududda ijro intizomini mustahkamlash, rahbarlarning mas’uliyati va faoliyat samaradorligini oshirish eng muhim vazifa bo‘lib qolayotgani alohida ta’kidlandi.

Majlisda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan bildirilgan chuqur tanqidiy fikrlardan kelib chiqqan holda, sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni tezda bartaraf etish, belgilangan topshiriq va rejalarni vaqtida va samarali bajarish bo‘yicha amaliy fikr va takliflar bildirdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?