Prezident qaroridan so‘ng: zo‘ravonlikka uchragan ayollar himoyasi uchun nimalar o‘zgaradi?

14:51 09 Iyul 2018 Jamiyat
536 0
Foto: econet.ru

So‘nggi bir oy ichida ayollar bilan bog‘liq bir necha mudhish hodisalar ro‘y berdi. Bularning bari yurtimizda yechilishi lozim bo‘lgan qator o‘tkir muammolar mavjudligini namoyon qildi. Nafaqat ayollar, umuman inson sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak ekan.

Prezidentning zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yordam tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish va uning mudhish oqibatlariga barham berishga qaratilgan Qarori qabul qilindi. Ya’ni oilaviy zo‘ravonlik masalasiga davlat miqyosida e’tibor qaratildi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi, chunki masala allaqachon oila qo‘rg‘oni devorlaridan tashqariga chiqib, globallashib, katta ijtimoiy muammoga aylanib borayotir.

Qaror ayollarga nimalar beradi? Endi ayollar bilan bog‘liq qanday o‘zgarishlar ro‘y berishiga umid qilish mumkin? “Inson va qonun” nashri bunga tushuntirish berib o‘tdi.

PROFILAKTIKA. Ayolni o‘z joniga qasd qilishga olib keladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olishga qaratilgan ishlar, ya’ni profilaktika chora-tadbirlari kuchaytiriladi: mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, ichki ishlar tizimi hamkorligida “xavf guruhi” aniqlanadi; tushuntirish, ogohlantirish va zarur bo‘lsa, jazolash choralari qo‘llanadi.

RЕABLITATSIYA VA MOSLASHUV MARKAZLARI. Zo‘ravonlikka uchragan ayolga shoshilinch yordam ko‘rsatish va uni himoya qilish uchun RЕABLITATSIYA VA MOSLASHUV markazlari ochiladi: avval har viloyatda bittadan, keyin esa soni ko‘payib, tumanlarda ham. Ayollar krizis damlarida (er uyidan chiqib ketib, ota uyiga sig‘may qolganida, masalan), shu markazlardan panoh topishlari mumkin. Ularga ma’lum muddatga boshpana, osh-ovqat, mutaxassislar (vrach, psixolog va h.k.) yordami beriladi, zarur bo‘lsa, ichki ishlar xodimlari chaqiriladi.

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi vakili Muborak Asrorovaning aytishicha: “Hozirgi kunda Namangan (To‘raqo‘rg‘on), Sirdaryo (Yangiyer), Surxondaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda namunali rejimda shunday markazlar ochilgan (suratlarda u yerdagi shart-sharoitlar aks etgan). Ushbu markazlar haqida o‘sha hududlardagi ayollarga ma’lum qilingan (uyma-uy yurib ma’lumot tarqatilgan, bannerlar ilingan). Ayollar murojaat qilishyapti, boshpana topishyapti, muammolari hal bo‘lyapti”.

ISHONCH TЕLЕFONI. Zo‘ravonlikka uchragan ayollar murojaat etishi uchun butun respublika bo‘ylab yagona “ishonch telefoni” ishga tushiriladi. Ayollar yagona qisqa raqam orqali murojaat qilib, zo‘ravonlik ro‘y berayotgan daqiqalarda yoki chuqur ruhiy tushkunlikka, o‘z joniga qasd qilar darajada depressiyaga tushgan paytlarida pichoqqa yoki arqonga emas, telefonga yopishib, shu raqamga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Muborak Asrorovaning so‘zlariga ko‘ra, “xotin-qizlarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash va murojaatlariga tezkor munosabat bildirish maqsadida 1046 raqami orqali tezkor aloqa tizim tashkil etilgan”. Men qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdim, Toshkent shahrida hozircha bu raqam ishlamayapti, tushunishimcha, yuqorida tilga olingan, ya’ni reablitatsiya markazlari ochilgan viloyatlar doirasida test tizimida ishlayapti.

JAMOATCHILIK FIKRI. Jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini shakllantirishga harakat qilinadi. Ya’ni fuqarolarni atrofdagi zo‘ravonliklarga befarq bo‘lmasliklari, mushtumzo‘r er, zulmkor qaynona yoki boshqa qarindoshlarga nisbatan toqatsiz bo‘lishlari targ‘ib qilinadi.

QONUN. Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik haqida alohida qonun qabul qilinadi. Oilaviy va shaxslararo munosabatlarda qonuniylikni ta’minlash uchun ham tizimli choralar amalga oshiriladi. Birinchidan, oilaviy-maishiy zo‘ravonlik nima degan savolga aniq ta’rif beriladi. Er-xotin munosabatlariga uchinchi shaxslarning aralashuvi, jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazish, kishini o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib kelish kabi barcha xatti-harakatlar qonunda qamrab olinadi va ularga beriladigan jazolar belgilab qo‘yiladi.

JAZO. Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka jazo muqarrarligi ta’minlanadi: shu mazmunda vakolatli organlarga kelib tushgan har bir murojaatlar sinchiklab o‘rganiladi va aybdorlarga muqarrar jazo beriladi.

XABARDOR QILISH. Sog‘liqni salash vazirligi tasarrufidagi barcha muassasalar har bir zo‘rlik ishlatilgan holat haqida huquqni muhofaza qilish organlarini, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalarini va “Oila” markazini zudlik bilan xabardor qilishi shart.

Endi ayol o‘zi va bolalarining joniga qasd qilmasligi, qiyin onlarda boshpana va madad topishi, aybdorlar esa jazolanishiga umid paydo bo‘ldi.

Ayollar, qochsangiz o‘lim emas, hayot tomon qoching! Hamma narsaning chorasi bor, o‘limdan boshqa...


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?