Prezident qarori bilan ipak qurti boqishga mo‘ljallangan inshootlar soliqlardan ozod etildi

17:02 26 Mart 2018 Iqtisodiyot
983 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pillachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–3616, 20.03.2018 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar tarqatdi.

Hujjat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi muassisligida muassasa shaklida qayta tashkil etilib, uning moliyalashtirish manbalari belgilab berildi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibidagi tashkilotlarga qarashli ipak qurti boqishga mo‘ljallangan inshootlar “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga tekin foydalanish huquqi asosida o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga foydalanish uchun berildi.
Tutzor maydonlarida yangi quriladigan va ipak qurti boqishga mo‘ljallangan inshootlar yer solig‘i, mulk solig‘i, yagona yer solig‘i hamda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlardan;

“O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan tekin foydalanish huquqi asosida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga foydalanish uchun berilgan ipak qurti boqishga mo‘ljallangan inshootlar yer, mulk va ijarachining ijara haqi hisoblanadigan foyda solig‘idan ozod etildi. 

Qaror bilan shuningdek yangi tut plantatsiyalarini barpo etish parametrlari tasdiqlandi.
Xususan, hozirda mavjud 43 332 gektar tut plantatsiyasiga qo‘shimcha ravishda joriy yil davomida yana 6 430 gektar maydonda yangi tut plantatsiyalari barpo etiladi va 306 ta ipak qurti boqishga mo‘ljallangan inshootlar quriladi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?