Prezident pillachilik korxonasini koʻzdan kechirdi

20:22 12 Mart 2020 Siyosat
166 0

Davlatimiz rahbari oʻtgan yil may oyida Fargʻona viloyatidagi “Ipak gilamlar” korxonasida boʻlganida pillachilik klasterlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Koʻp oʻtmay, 2019-yil 31-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pillachilik tarmogʻida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda yaratilgan qulay shart-sharoitlar yana bir ijobiy tendensiyaga turtki berdi. Mamlakatimizning har bir hududida pillachilik korxonalari tashkil etila boshladi.

“Xorazm pilla xolding” klasteri tomonidan Yangiariq tumanida ham shunday zamonaviy korxona ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu kompaniya faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda 5 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichida 2 ta qayta ishlash liniyasi ish boshlagan. Pilladan xom ipak, ipak momigʻi, ipak mato ishlab chiqarish, ipak gilam toʻqish yoʻlga qoʻyilgan. Yiliga qariyb 1 million 160 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Korxonada 120 doimiy, 1800 mavsumiy ishchi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, buning uchun tadbirkorlarga bino va tutzorlar ajratish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shu maqsadda manzilli dastur ishlab chiqish zarurligi, bu aholiga daromad manbai yaratish, kambagʻallikni kamaytirishda muhim omilligi taʼkidlandi.

2019-yilda viloyatda “Xorazm ipagi” va “Xiva Silk Fabrik” korxonalari ham ish boshladi. Joriy yilda 1 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyani oʻzlashtirish hisobiga sanoatbop ipak qurti urugʻi tayyorlash korxonasini tashkil etish belgilangan.

Klaster tomonidan amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar haqida maʼlumotlar berildi.

 

 

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?