Prezident pandemiya sabab yana bir Farmonni imzoladi. Unda soliqqa oid qator yengilliklar belgilangan

20:28 20 Iyul 2020 Hujjatlar
1306 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, ayniqsa, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, ularning daromadlarini taʼminlash, sanitariya-epidemiologik vaziyat yaxshilanishiga qarab ushbu subyektlarni jadal qayta tiklash, shuningdek, ish oʻrinlarini saqlab qolish maqsadida:

2020-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar:

  • umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi;
  • jismoniy shaxslar koʻchmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi;
  • mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara toʻlovlarining eng kam stavkalarini qoʻllash tartibi toʻxtatib turiladi;
  • ijaraga beruvchilarga 2020-yil uchun ijara toʻlovi miqdorini pasaytirish maqsadida, shu jumladan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda ijara toʻlovini qayta koʻrib chiqish tavsiya etiladi.

2020-yil 1-apreldan 2020-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilinadi.

Prezidentning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5969-son Farmonida belgilangan alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi. Umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi beriladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllagan holda, ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020-yil 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik oʻrtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?