Prezident: “Oʻzingiz ayting, oʻz xalqining tarixini, maʼnaviy va diniy qadriyatlarini hurmat qilmaydigan, ularni himoya qilishga qodir boʻlmagan odam vatanparvar va elparvar boʻlishi mumkinmi?”

17:07 24 Avgust 2019 Siyosat
461 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-avgust kuni taʼlim tizimiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

“Biz keyingi paytda, ming afsuski, “maʼnaviyat” tushunchasining obroʻyini tushirib yubordik. Maʼnaviyatga goʻyoki keraksiz narsadek munosabatda boʻldik. Bugun koʻpchilik yoshlar ongini isteʼmolchilik kayfiyati, Vatan, el-yurt taqdiriga beparvolik, “ommaviy madaniyat” koʻrinishlari egallab olmoqda. Oʻzingiz ayting, oʻz xalqining tarixini, maʼnaviy va diniy qadriyatlarini hurmat qilmaydigan, ularni himoya qilishga qodir boʻlmagan odam vatanparvar va elparvar boʻlishi mumkinmi?

Buyuk ajdodlarimiz oʻzlarining ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan dunyoga ustozlik qilishgan. Boshqalarga ergashmagan, balki boshqalarni oʻz ortidan ergashtirgan. Biz ham ergashuvchi emas, ergashtiruvchi kuchga ega xalq boʻlishimiz shart. Aks holda, taraqqiyot yoʻlidan chekkaga chiqib, yana tanazzul botqogʻiga botamiz. Ota-bobolarimiz erishgan marralarni osongina boy berib qoʻyamiz. Bu ajdodlar ruhiga, kelajak avlodlarimizga xiyonat emasmi? Bu sohada bugun shoshilinch choralar koʻrmasak, ertaga kech boʻladi.

Joylarda maktablarning qurilishi, oʻquv yiliga tayyorgarlik uchun hokimlar va sektor rahbarlari shaxsan masʼul. Lekin ularning baʼzilari bu masalaga yetarli eʼtibor qaratmayapti. Shu sababli, Xalq taʼlimi vaziri va tizim boshqaruv xodimlari bunday tashkiliy ishlar bilan ovora boʻlib qolmoqda. Holbuki, Xalq taʼlimi vazirligi ijtimoiy hayotimizdagi, hukumatdagi nufuzi va taʼsiriga koʻra Moliya vazirligi bilan barobar bir mavqeda turishi kerak.

Vazirlik va uning boʻlinmalari taʼlim-tarbiyaning mazmuni, oʻquv dasturlari, uning sifati va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash masalalariga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur. Misol uchun, bugungi kunda respublikamiz boʻyicha 400 nomdagi 32 million nusxa darslik va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr qilingan. Bu rejadagi koʻrsatkichning faqatgina 87,5 foizini tashkil etadi. Bu masalalar bilan bevosita shugʻullanishi lozim boʻlgan Respublika taʼlim markazi, Abdulla Avloniy nomidagi rahbar xodimlar malakasini oshirish instituti, viloyatlarda oʻqituvchilar malakasini oshirish institutlari bor. Nizomiy nomidagi butun bir universitet, hududlarda 6ta pedagogika institutlari mavjud.

Lekin bu tuzilmalar oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, oʻqituvchilarning bilim va malakasini oshirish, darsliklar saviyasini yaxshilash uchun qanday amaliy ishlarni qilmoqda? Bunday salohiyatdan nima uchun unumli foydalanilmayapti? Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, oliy taʼlim vaziri I.Majidov, innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov bunga nima deydi?”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?