Prezident mutasaddilarga Fuqarolik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishni topshirdi

18:29 06 Aprel 2019 Jamiyat
319 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli hujjati bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy kanalida xabar berildi.

Konsepsiya doirasida fuqarolik qonunchiligi unifikatsiya qilinadi va tizimlashtiriladi.

Asosiy fuqarolik-huquqiy institutlar takomillashtirilib, yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakllari optimallashtiriladi, biri-biriga oʻxshash, bozor munosabatlarida ommalashmagan tashkiliy-huquqiy shakllar tugatiladi.

Fuqarolik kodeksiga er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasi va meros shartnomasiga oid qoidalar kiritiladi.

Bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslari shakllantiriladi.

Yerga nisbatan xususiy mulk huquqini himoya qilish mexanizmlari joriy etiladi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashning huquqiy asoslari shakllantiriladi.

Xususan, kripto-aktivlar aylanmasi rivojlantiriladi, shaxsi koʻrsatilmagan maʼlumotlarning sezilarli massivlarini (“big data”) yigʻish hamda qayta ishlash tartibga solinadi.

Shuningdek, fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha adliya vaziri boshchiligida idoralararo komissiya tasdiqlandi.

Komissiya 2020 yil 1 aprelgacha Fuqarolik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?