Prezident Mun Chje In: Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasining jadal yaqinlashuvi zamirida doʻstlik va ishonch munosabatlari mujassam

08:55 18 Aprel 2019 Siyosat
496 0

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalariga intervyu berdi.

– Janob Prezident, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik hamkorlik istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Avvalo, koreys xalqi Oʻzbekistondan juda minnatdor ekanini alohida taʼkidamoqchiman. Oʻzbek xalqi bundan sakson yillar oldin boshpanasidan ayrilgan koreys millatiga mansub fuqarolarni oʻz bagʻriga oldi. Oʻsha vaqtda Oʻzbekiston va uning aholisi Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan bogʻliq murakkab davrni boshdan kechirganini yodga oladigan boʻlsak, minnatdorlik tuygʻusi yanada ortadi. Koreya Respublikasi mashaqqatli yillarda beminnat yordam qoʻlini choʻzgan oʻzbek xalqiga chuqur hurmat-ehtirom va doʻstlik tuygʻusi bilan qaraydi.

1992 yilda, Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishganining keyingi yili mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. Ikki davlatning bunday jadal yaqinlashuvi asosida doʻstlik va oʻzaro ishonch munosabatlari mujassam edi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi almashinuvlar kengayib, energetika, avtomobilsozlik, toʻqimachilik sanoati, logistika, axborot texnologiyalari va moliya sohalarida jadal rivojlandi. Oʻtgan yili oʻzaro savdo hajmi mamlakatlarimizning aloqalari tarixidagi maksimal koʻrsatkich – 2,1 milliard AQSH dollariga yetdi.

Shuningdek, davlat rahbarlari darajasidagi muloqotlar ham faol rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda xalq va uning manfaatlari hamma narsadan ustun boʻlgan davlat boshqaruvi falsafasiga amal qilamiz, shaxsiy munosabatlarimiz ham yaqin doʻstlik va birodarlik ruhida mustahkamlanib bormoqda.

Mamlakatlarimiz birgalikda yaratayotgan kelajakka katta umid bilan qarayman. Xalqlarimizning bir-biriga ishonchi va samimiy tuygʻulari chuqur ildiz otadi, amaldagi hamkorlik tajribasi esa, uning kelgusi ravnaqiga xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Yevroosiyoning tinchligi va mushtarak taraqqiyotini taʼminlash yoʻlida hamkorlik qilishiga ishonaman.

– Janob Prezident, sizningcha, Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi azaliy doʻstlik aloqalarining siri nimada?

– Mamlakatlarimiz azaldan oʻzaro hamkorlik, aloqa qilib kelgan, bir-biriga taʼsir koʻrsatgan. Afrosiyob muzeyidagi devoriy suratlarda aks ettirilgan qadimiy koreys elchilari ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar tarixi uzoq oʻtmishga borib taqalishidan guvohlik beradi. Uzoq muddatli oʻzaro aloqalar tufayli tilimiz va madaniyatimizda umumiy jihatlar yuzaga kelgan. Oʻzbekistondagi “mahalla” tuzilmasi va Koreyadagi “mail” qishloq jamoalarida yoʻlga qoʻyilgan anʼanaviy bir-biriga yordam berish va hamkorlik qilish faoliyati koʻp jihatdan juda oʻxshash va ikki mamlakatning nechogʻli yaqinligidan yorqin dalolatdir.

Mamlakatlarimiz murakkab davrlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlagan. Ana shu doʻstlik va ishonch aloqalarini rivojlantirish bugun ham davom etmoqda. Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub 180 ming fuqaro ikki mamlakatni mustahkam koʻprikdek bir-biriga bogʻlab turibdi. Diplomatik munosabatlar oʻrnatilgach, biz Oʻzbekiston bilan aloqalarni har jihatdan mustahkamlab, oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishdik. Surgʻil koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasi shular jumlasidandir. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi bunday azaliy doʻstik kelgusida yanada yaqin va mustahkam boʻladi.

– Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, koreys kapitaliishtirokida Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan yuzlab korxonalarni Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlaridagi muhim omillar sifatida qayd etish mumkin. Ushbu sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qanday ustuvor vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblaysiz?

– Yevroosiyoning umumiy taraqqiyotiga doir yakdil qarashga ega mamlakatlarning iqtisodiy hamkorlik borasidagi salohiyati beqiyos. Istiqbolga yoʻnaltirilgan iqtisodiy hamkorlik uchun, avvalo, institutsional asoslarni mustahkamlash joiz. Mazkur davlat tashrifi asnosida loyihalar va investitsiya sharoitlarini yanada yaxshilash yoʻllarini keng muhokama qilishni rejalashtirmoqdamiz. Mamlakatlarimiz kompaniyalari hamkor davlat bozoriga dadil kirib borishi hamda ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmi yanada oshishiga ishonamiz.

Ikki tomonlama hamkorlikka oid loyihalarni amalga oshirishning yangi imkoniyatlarini izlash, jumladan, gaz konlarini topish va elektr stansiyalari qurishni davom ettirgan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), 5G mobil aloqasining beshinchi avlod texnologiyalari, kosmik texnologiyalar, sanoatning yangi tarmoqlari, xususan, tibbiyot va bioindustriya singari ilm talab qiluvchi ilgʻor sohalarda hamkorlikni kengaytirish oʻta muhim. Oʻzbekiston taraqqiyoti – bu Koreya Respublikasi taraqqiyoti demak. Bizning mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishga oid tajriba bilan bajonidil oʻrtoqlashish va turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyor. Umid qilamizki, xalqlarimiz hayotida oʻz aksini topadigan ijobiy oʻzgarish va taraqqiyotga erishamiz.

– Janob Prezident, Oʻzbekistonning Koreya Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Yangi shimol siyosati”dagi oʻrni va roli nimadan iborat?

– Oʻzbekiston Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi aloqalar markazi hisoblanadi. Oʻzbekiston tarixi matematika, tibbiyot va astronomiya fanlariga asos solgan Al Xorazmiy, Ibn Sino va Ulugʻbek kabi buyuk mutafakkirlar nomi bilan bogʻliq ekani bejiz emas. Oʻzbekiston turli muloqotlar vositasida tamaddunlar rivojiga xizmat qilgan, bugun esa, ana shu vosita yordamida innovatsiya va taraqqiyotga erishmoqchi.

Koreya Respublikasi ham, oʻz navbatida, almashinuvlar tufayli taraqqiy etgan. Koreyada hozir ham qadimiy Markaziy Osiyo bilan munosabatlar izlari topilmoqda. Binobarin, biz uzoq vaqt davomida boshqa mamlakatlar bilan savdo orqali yangi madaniyat va tamaddunlardan bahramand boʻlganmiz. Bugungi kunda ham texnologiyalar almashinuvi va savdoga asoslangan iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidan bormoqdamiz.

“Yangi shimol siyosati” Koreya yarim orolida barqaror tinchlik oʻrnatish va birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Yevroosiyo qitʼasida tinchlik va taraqqiyotga erishishga qaratilgan. Ushbu siyosat ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik doirasidan chiqqan holda Markaziy Osiyo va butun Yevroosiyoning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. “Yangi shimol siyosati”ni amalga oshirishda Yevroosiyoning muhim sheriklardan hisoblangan Oʻzbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash va Yangi Ipak yoʻli davri boshlanishiga umid qilamiz.

– Koreya va Oʻzbekiston geografik jihatdan bir-biridan uzoq boʻlsa-da, koʻpchilik xalqlarimizning milliy xarakteri va fikrlash tarzi oʻxshash ekanini qayd etadi. Janob Prezident, sizningcha, ikki mamlakat oʻrtasida aloqalar shakllanishida madaniy hamkorlik va gumanitar almashinuv qanday ahamiyat kasb etadi?

– Oʻzbekiston va Koreya nafaqat geografik jihatdan bir-biridan uzoq, balki ularni purviqor togʻlar, baland tepalik va sahrolar ajratib turadi. Shunga qaramay, oʻzaro munosabatlar va bir-birimizni yanada yaxshiroq bilishga intilish tobora kuchayib bormoqda. Bu safar Toshkentda oʻz eshiklarini ochadigan “Koreya madaniyat va sanʼat uyi” xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishiga ishonchim komil. Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida eʼtibor, Oʻzbekiston xalqiga esa yuksak saxovat uchun minnatdorlik izhor qilmoqchiman.

Soʻnggi paytlarda Koreya Respublikasida Buyuk Ipak yoʻli tamadduni oʻchogʻi boʻlgan Oʻzbekistonga qiziqish tobora ortmoqda. Oʻylaymanki, oʻtgan yili joriy etilgan vizasiz tartib va bu yildan aviareyslar soni oshirilgani tufayli kelajakda fuqarolarimiz oʻrtasida bordi-keldi yanada koʻpayadi. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz qadim anʼana va madaniyatga ega. Umid qilamizki, bu oʻzaro almashinuvlar va muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu nafaqat ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, balki insoniyat madaniy merosini kelajak avlodlarga yetkazishda ham ulkan ahamiyat kasb etadi.

– Janob Prezident, “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumining Markaziy Osiyo barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi roli xususida toʻxtalsangiz.

– Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining faol saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyoda hamkorlik muhiti qaror topmoqda. Koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish Markaziy Osiyoning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Koreya Respublikasi 2007 yildan buyon Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ishlarni amalga oshirmoqda. “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida har yili Markaziy Osiyoning besh mamlakati hukumati, ishbilarmon va ilmiy doiralarining masʼul vakillari, madaniyat arboblari bilan almashinuv va aloqalar, shuningdek, davlat kompaniyalari va xususiy biznes ishtirokida qoʻshma hamkorlik loyihalari tatbiq etilmoqda. 2017 yil iyul oyida Seulda “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati tashkil etilgan edi. Ayni paytda bizning mamlakatimiz va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari tomonidan transport, logistika, energetika va sogʻliqni saqlash sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.

Joriy yilning ikkinchi yarmida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligiga doir XII forum boʻlib oʻtadi. Mazkur forum vazirlar darajasida oʻtkazilayotgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. U yadrodan xoli hudud barpo etish va Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishiga xizmat qilgan Markaziy Osiyoning bilim va tajriba almashish maydonchasiga aylanishiga umid qilamiz. “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi mintaqadagi aloqalarni yanada mustahkamlashi va Yevroosiyoda tinchlik va taraqqiyot konsepsiyasini amalga oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishini istab qolardik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?