Prezident “Moʻynoq akva sanoat” davlat unitar korxonasini borib koʻrdi

18:09 20 Avgust 2019 Siyosat
135 0

Bir paytlar Moʻynoq baliqchilik sanoati bilan mashhur boʻlgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili bu yerga kelib, mavjud suv havzalarida baliqchilikni qayta tiklash va rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar bergan edi.

“Moʻynoq akva sanoat” korxonasi – ana shu tashabbus natijasi. Loyiha qiymati 20 milliard soʻmlik mazkur korxona yiliga 4 ming tonna baliqni qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi. 200 tonna dudlangan baliq, 780 tonna farsh, 400 tonna file, 9 million dona konserva ishlab chiqariladi. Qariyb 60 ish oʻrni yaratiladi.

Bugungi kunda korxona binosi qurilishi yakunlanib, texnologik uskunalar oʻrnatilmoqda. Uni shu yil sentyabrda ishga tushirish moʻljallangan.

Shu yerda Qoraqalpogʻistonda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Bu tarmoqda qoʻshimcha 17 loyiha ishlab chiqilgan. Ular natijasida baliq yetishtirish hajmini 15 ming tonnaga, qayta ishlash darajasini 36 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Orolning qurigan tubiga butalar ekish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, 42 yilda 400 ming gektar maydonda saksovullar ekilgan boʻlsa, 2018-2019-yilda qariyb 500 ming gektarda himoya oʻrmonzorlari barpo etilgan. Toʻplangan tajribadan kelib chiqib, yana ikki yilda 700 ming gektar yerni yashil hududga aylantirish mumkinligi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?