Prezident maktablarining asosiy vazifalari nimalardan iborat?

10:39 21 Fevral 2019 Jamiyat
603 0

Prezident Qarori bilan Prezident maktablarining asosiy vazifalari belgilandi. Xoʻsh, ular nimalardan iborat?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevralda “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etiladi.

Quyidagilar Prezident maktablarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va oʻqitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, oʻquvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;
  • tabiiy va aniq fanlarni chuqur oʻrganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishni tashkil qilish, oʻquvchilarning innovatsion gʻoyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • oʻquvchilarni oʻqitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek, taʼlim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan oʻqitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq taʼlimi tizimiga tatbiq etish;
  • oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda yetakchilik koʻnikmalari va notiqlik sanʼatini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash malakasini oshirish;
  • oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash;
  • oʻquvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuygʻusini, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirish;
  • oʻquv dasturlarining uzluksizligini taʼminlash masalalarida xuddi shu yoʻnalishdagi milliy va xorijiy umumiy oʻrta va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bitiruvchilarning ilgʻor xorijiy oliy oʻquv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida oʻqishini davom ettirish.

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?