Prezident maktablariga qabul Kembrij Universitetining Imtihon Kengashi tomonidan oʻtkaziladi

19:18 28 Fevral 2019 Jamiyat
1184 0

Joriy yilning 28 fevral kuni Xalq taʼlimi vazirligi hamda Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjat Prezident maktablari oʻquv jarayonlarini rivojlantirish va shakllantirishda XTV hamda Cambridge Assessment International Education oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Memorandum doirasida Prezident maktablariga iqtidorli oʻquvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof oʻtkazishni joriy etish belgilandi.

Cambridge Assessment Prezident maktablarida oʻquvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi oʻquv dasturlarini joriy etishda koʻmak beradi. 

Hamkorlik yoʻnalishlaridan yana biri Prezident maktablari rahbariyati hamda oʻqituvchilari malakalarini xalqaro meʼyorlarga muvofiq oshirish hisoblanadi.

2019 yil holatiga koʻra Kembrij Universiteti Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti hisoblanadi. Universitet butun dunyo universitetlari reytingida ikkinchi oʻrinni egallaydi. Times Higher Education reytingiga koʻra, Kembrij universiteti barcha fanlarning oʻqitilishi boʻyicha top 10 talikka kiruvchi dunyodagi yagona oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Oʻzining 800 yillik tarixi mobaynida Kembrij universitetining bitiruvchilari orasidan mashhur taniqli matematiklar, olimlar, siyosatchilar, yuristlar, faylasuflar, yozuvchilar, hatto xorijiy davlat rahbarlari ham yetishib chiqqan. 2018 yil oktyabr oyiga koʻra, 118 nafar Nobel mukofoti laureati, 11 nafar xalqaro akademik medalistlari, 6 nafar Turing mukofoti laureati va Buyuk Britaniyaning 15 nafar Bosh vazirlari Kembrij universitetining bitiruvchilari,talabalari hamda tadqiqotchilari safidan oʻrin olgan.

1858 yilda Universitetda Imtihon Kengashi (University of Cambridge Local Examinations Syndicate) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur Imtihon Kengashi Cambridge Assessment mashhur brendi nomi bilan tanilgan. Ayni paytda Kengash baholash va test natijalari boʻyicha dunyodagi yirik agentlik hisoblanadi. Shuningdek, dunyo miqyosida baholash va test jarayonlarini rivojlantirishda yetakchilik qiladi.

Imtihon Kengashi (UCLES) Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlaridagi 10 000 ta maktabda 8 milliondan ziyod oʻquvchilarga bilimini baholashda koʻmak beradi. Kembrij Universitetida har yili 30 000 dan ortiq ekspertlar tomonidan baholash jarayoni oʻtkaziladi.

Mazkur kompaniyaning tajribasi butun jahon hamda eng zoʻr universitetlar tomonidan, yaʼni Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti, Stenford, Garvard, Yale, Kolumbiya, Prinston, Pensilvaniya, Dartmut va Braun universitetlarida, shuningdek, Yevropa Ittifoqining universitetlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa koʻplab mamlakatlarida tan olingan.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yilning 20 fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Prezident maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarorni imzoladi. Hujjatga koʻra, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan.

Prezident maktablariga kirish imtihonlari yozma, ogʻzaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga koʻra amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?