Prezident maktabida kimlar oʻqiydi?

16:05 30 May 2019 Jamiyat
730 0

“Maktabning nomi chiqsa, boʻldi, hamma ota-onalar shu maktabda farzandini oʻqitishni xohlaydi. Natijada birgina Toshkent shahridagi 50-oʻrta maktabning birinchi sinfida 52 nafar oʻquvchi tahsil olishiga sabab boʻlyapti. Bu oʻquvchilarni har qanday metodika boʻyicha ham, toʻliq qamrab olish, puxta bilim berish juda mushkul.

Yana bir stereotip shakllangan xalqimizda, u ham boʻlsa, rus maktablarda oʻzbek maktablariga nisbatan yaxshi oʻqitishadi, deb oʻylashadi. Bu ham maktablardagi oʻquvchi sigʻimining izdan chiqishi, ayrim maktablarda oʻquvchi soni ortib, darslar hattoki, 4 smenada tashkil etilishiga sabab boʻlmoqda”, — deya maʼlumot berdi xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov qoʻmita yigʻilishida.

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2019-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

Unda taʼkidlanganidek, vazirlik tasarrufidagi 5,8 million oʻquvchini qamrab olgan 9691 ta umumtaʼlim maktabining 7610 tasida oʻqish jarayoni ikki smenada tashkil etilgan. Ayrim maktablarda esa buning teskarisi. Oʻquvchi soni maktab imkoniyatlaridan ikki barobar kamroq. Shularni inobatga olgan holda vazirlik tomonidan 2019-2020 oʻquv yilida oʻquvchi sonini maktab binolarining loyiha sigʻimiga maqbullashtirish yuzasidan ish olib borilmoqda. Buning uchun talab yuqori boʻlayotgan oʻquv muassasalarining tarmoq maktablarini tashkil etish rejalashtirilyapti. Bunda oʻquvchi soni kamroq boʻlgan oʻsha hududga yaqin maktablar ilgʻor maktablarga biriktirib beriladi. Bu maktablarda yaxshi maktablarning tajribasi ommalashtiriladi. Yangi oʻquv yilida 50 ta shunday taʼlim muassasasi ish boshlaydi, ularning 28 tasi Toshkent shahrida joylashgan.

Senatorlar bugungi kunda xalqimizni qiziqtirayotgan savollar, jumladan, Prezident maktablarini tashkil etish bilan bogʻliq jarayonlar bilan qiziqdi.

— Vazirlik tomonidan Prezident maktabiga nomzodlarni saralashda barcha uchun teng sharoitlar yaratilmoqda, — dedi A. Umarov. — Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablari uchun tanlov jarayonini nazorat qiladi. U butun dunyoda oʻtkaziladigan imtihonlar jarayonida adolat va shaffoflikni taʼminlashda dovruq qozongan tashkilotlardan. Albatta, barcha ota-onalar farzandlarini Prezident maktablarida bilim olishini xohlashadi. Lekin eng isteʼdodli oʻquvchilargina bunday imkoniyatga ega boʻlishadi. Cambridge Assessment International Education mutaxassislari bolaning ota-onasi yoki ularning moddiy imkoniyati haqida maʼlumotlarga ega boʻlmaydi. Ingliz kompaniyasi uchun oʻgʻil-qizlar isteʼdodi, tanqidiy va mantiqiy fikrlash darajasi baholashning asosiy mezon hisoblanadi.

Hisobotda, shuningdek, oʻquvchilarni darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash borasidagi ishlar ham atroflicha muhokama qilindi.

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?