Prezident korxona faoliyatini kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab berdi

17:51 29 Mart 2019 Siyosat
463 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vobkent tumanidagi “Ekvatorial Chodak group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Uzoq yillar foydalanilmay turgan bino Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 3 million dollar imtiyozli krediti hamda loyiha tashabbuskorlarining 2 million dollar miqdoridagi mablagʻi evaziga qayta tiklandi. Yaponiya, Italiya, Turkiya va Xitoydan besh yuzdan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi hamda dastgohlar oʻrnatilib, yiliga 1 million 500 ming donagacha jinsi shim ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunda korxonada 500 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari texnologik jarayonlar bilan tanishib, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirdi. Korxona ishchilari bilan muloqot qildi. Iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlar, saʼy-harakatlardan maqsad xalqimizni rozi qilish, aholini, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash ekanini taʼkidladi.

Korxonada kiyim-kechaklarni boʻyash va ularga qayta ishlov berish sexi tashkil etilgan. Bu viloyatdagi turdosh korxonalarga shartnoma asosida xizmat koʻrsatish hisobiga, qoʻshimcha foyda olish imkonini beradi.

Yaqinda bu yerda poyabzal ishlab chiqarish korxonasi ham ishga tushirildi. Italiyaning zamonaviy uskunalari oʻrnatilib, yiliga 600 ming donagacha mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Loyiha quvvatlari toʻla oʻzlashtirilgach, ishchi-mutaxassislar soni qariyb ming kishiga yetadi.

Shu yerda kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalari haqida maʼlumot berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?