Prezident Xalq qabulxonalari: sirdaryoliklarning hech bir muammosi oʻz yechimini topay qolmaydi!

15:10 19 May 2020 Jamiyat
185 0

Bugun Sirdaryoda yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishda Xalq qabulxonalari ham munosib ishtirok qilmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi, Toshkent shahri va viloyatlardagi Xalq qabulxonalari sektorlar rahbarlari hamkorligida “Saxovat karvon”lari Sirdaryo viloyatiga muntazam joʻnatilmoqda. Suv toshqinidan zarar koʻrgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisi uchun shu kunga qadar jami 1 milliard soʻmdan ziyod 38 turdagi kundalik hayot uchun zarur mahsulotlar olib kelinib, ehtiyojmand oilalarga yetkazildi. Bular asosan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-boshlar, roʻzgʻor buyumlari, gigiyena vositalari va boshqa buyumlardan iboratdir.
 

Xalq qabulxonalari masʼullari maxsus ishchi guruhlar tashkil etib, Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida uyma-uy yurib, “Qoʻrgʻontepa”, “Ahillik”, “Qoʻrgʻontepa”, “Doʻstlik”, “Yurtdosh”, “Saxovat” kabi oʻnlab fuqarolar yigʻinlaridagi 3,5 mingdan ziyod oilalarning holatini oʻrgandi. Natijada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami – boquvchisini yoʻqotgan ayollar, yakka-yolgʻiz keksalar, nogironligi bor shaxslar, yosh bolali, koʻp farzandli oilalar roʻyxati shakllantirib, ularning eng birlamchi hayotiy muammolarini hal qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga vaqtinchalik koʻchirilgan aholi holidan ham muntazam ravishda xabar olinyapti. Jumladan, Xalq qabulxonalari xodimlari Guliston shahri “Boʻston”, Mirzaobod tumani “Navroʻz” mahallalarida singari tashkil etilgan qator ijtimoiy markazlardagi oilalarga kunlik ehtiyojlari uchun nima zarur boʻlsa, barcha kerakli yordamni oʻz vaqtida koʻrsatyaptilar.

Toshqin oqibatidan jabr chekkan insonlar muammolarini oʻrganish asnosida Xalq qabulxonalariga 1,1 mingdan ziyod murojaat qabul qilingan. Mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida mazkur murojaatlarda koʻtarilgan masalalarning 89 foizi joyida hal qilingan. Xususan, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz bilan taʼminlash, toshqin natijasida yoʻqotilgan hujjatlarni tiklash, zararni qoplash uchun kompensatsiya mablagʻlarini belgilash va undirish, kredit taʼtillari berish, qoʻshimcha imoratlarni tiklash, bandlikni taʼminlash kabi qator masalalar shular jumlasidandir.

Bu bordagi ishlar izchil davom etmoqda. Sirdaryoliklarning hech bir muammosi oʻz yechimini topay qolmaydi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?