Prezident ishtirokidagi videoselektor vaqtida Quyi Chirchiq tumani hokimi isteʼfoga chiqarildi

10:39 03 Iyun 2019 Siyosat
427 0

Quyi Chirchiqdagi “Yoshlar — kelajagimiz” nomli shaharcha | Arxiv foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”

Toshkent viloyati hokimligida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishi davomida Quyi Chirchiq tumani hokimi Sobir Murodov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi mahsulot Respublikadagi oʻrtacha darajadan past boʻlgani uchun Prezident topshirigʻiga koʻra, Quyi Chirchiq tumani hokimi vazifasidan ozod etildi”, deyiladi xabarda.

Prezident viloyatning boshqa tumanlaridagi ahvolni ham tanqid qilgan.

“Quyi Chirchiq, Bekobod, Ohangaron, Boʻka...

Aholi yashash sharoiti respublikaga nisbatan 3 baravar kam. Viloyatda 121 ming kishi ishsiz, 117 ming kishi xorijda - ishlagani ketgan, 137 ming yosh iqtisodiy ogʻir ahvolda.

117 ming kishi - xorijda. Shular bizdan rozimi? Onasi har kuni bolasini duo qilmagani uchun bizdan rozimi?

Nuroniylar gapirmaydi. “Bagʻrikengmiz, bagʻrikengmiz...” gapiringlar. Achchiq-achchiq qilib gapiringlar...”, degan prezident.

Sobir Murodov 2018-yilning fevralida Botir Rahimov oʻrniga Quyi Chirchiq tumani hokimi lavozimida ish boshlagandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?