Prezident “Ishga marhamat” mono-markazi faoliyati bilan tanishdi

18:15 28 Fevral 2020 Siyosat
263 0

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlarni kasbga qayta tayyorlashga zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Yashnobod tumanida 2019-yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” mono-markazi ana shunday muassasalardan biri. Unda qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar boʻyicha 22 ta kasbga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. Buning uchun zarur stanoklar, mebel, mulyaj va boshqa amaliyot vositalari keltirib oʻrnatilgan. Markaz yiliga 5 ming 600 kishini oʻqitish imkoniyatiga ega.

Bu yerga kelgan odamga avval bandlik masalalari boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatiladi. Doimiy ishga ega boʻlmasa, boʻsh ish oʻrinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan taʼminlanishi ham mumkin.

Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi oʻquv kursiga jalb qilinadi. Boshqa mamlakatda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga bu boradagi koʻnikma va xorijiy tillar oʻrgatiladi.

Markazda ingliz, turk, yapon, xitoy, koreys va rus tillari oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, usta va kasb oʻrganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

 

Bunday markazlar odamlarning talab bor kasblarni tezda oʻrganib, oʻz ishini topishi uchun juda muhimligini, boʻsh turgan kollej va boshqa binolarni taʼmirlab, Toshkent shahrining har bir tumani va barcha viloyatlarda shunday muassasalar tashkil etish lozimligini taʼkidladi.

Kasb-hunar yoʻnalishlarini shu ixtisoslikdagi oʻquv yurtlariga biriktirib, yuqori malakali oʻqituvchilarni jalb etish, shuningdek, kechki saboqlarni ham yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?