Prezident: Hokimlar yertoʻlani tozalash bilan shugʻullanadigan vaqt oʻtdi

17:34 07 Mart 2020 Siyosat
256 0

7-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Unda poytaxtimizda 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 9 milliard 884 million dollarlik 762 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgani, shularning 122 tasi davlat dasturi, 640 tasi hududiy investitsiya dasturlari doirasida ekanligi taʼkidlandi.

Oʻz navbatida Toshkentda investitsiya va eksport borasida juda katta resurslar bor boʻlsa-da, hozircha ularning yarmidan ham foydalanilmayotgani qayd etildi. 

– Oltiariq tumani 120 million dollarlik eksport qilyapti. Toshkentdagidek sanoat obyektlari, kommunikatsiya ularda yoʻq. Poytaxtda zarur infratuzilma bor! Hokimlar yertoʻlani tozalash bilan shugʻullanadigan vaqt oʻtdi. Endi tuman rahbarlari tadbirkorlikni rivojlantirib, tadbirkorlarni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlab, eksportiga koʻmaklashib, ular bilan manzilli ishlashi kerak. Sizlar oʻzgarmas ekansiz, vaziyat oʻzgarmaydi, – deya taʼkidladi Prezident.

Yigʻilishda investitsiyalar jalb etib, zarurat boʻlsa, tashqi boshqaruvga berib, sanoatning yangi yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?