Prezident “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasiga bordi

14:27 12 Mart 2020 Jamiyat
146 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasidagi “Develop Textile” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga muvofiq tashkil qilingan. Davlatimiz rahbari oʻsha yili oktyabrda bu yerga kelib, taqdim etilgan loyihalar boʻyicha topshiriqlar bergan edi.

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 306 million dollardan ziyod boʻlgan, jumladan, 266 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar evaziga, umumiy hisobda 19 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, qurilish materiallari, trikotaj mahsulotlari, tibbiyot qoʻlqoplari, poyabzallar va boshqa tovarlar ishlab chiqarilmoqda. 1100 dan ziyod kishi ish bilan taʼminlangan.

Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Develop Textile” xorijiy korxonasi erkin iqtisodiy zona hududidagi istiqbolli loyihalardan biri. Ushbu kompaniya 13 million dollarlik loyiha asosida joriy yil yanvarda ishga tushirildi. Germaniya, Turkiya, Xitoydan zamonaviy dastgohlar keltirib oʻrnatildi. 760 ta ish oʻrni yaratildi.

Bu yerda yiliga 4 ming tonna boʻyalgan tayyor choksiz trikotaj mato, 14 million dona turli xil tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlariga yiliga oʻrtacha 12 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur korxonada boʻlib, ishlab chiqarish jarayoni va tikuvchilik mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz bu kabi zamonaviy kompaniyalarni koʻpaytirish orqali viloyatda yetishtiriladigan paxta xomashyosini toʻliq qayta ishlash, faqat tayyor mahsulot eksport qilish zarurligini taʼkidladi.

Joriy yilda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 26 million dollardan ziyod yana 4 ta korxona foydalanishga topshirilishi hamda 488 ta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

Shu yerda Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari ular yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?