Prezident Farmoni bilan Qohira universiteti dekani “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishi Misr matbuotida keng yoritildi

13:06 05 Oktyabr 2020 Dunyo
279 0

Mamlakatimizning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq “Doʻstlik” ordenini bilan taqdirlangan Qohira universiteti arxeologiya fakulteti dekani Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizqqa davlatimizning yuksak mukofotini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Eʼtiborlisi, Qohira universiteti dekanining Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishi Misr ommaviy axborot vositalarining diqqat eʼtiborini oʻziga qaratdi. Ushbu mavzudagi materiallar yetakchi teleradiokanallar, bosma va elektron nashrlarda keng yoritildi.

Xususan, Misrning rasmiy “MENA” axborot agentligi chop etgan maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi bilan har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalarni roʻyobga chiqarishdagi amaliy koʻmagi, xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro bir-birini anglash va qoʻllab-quvvatlash tamoyillarini mustahkamlash, doʻstlik va madaniy hamkorlik aloqalarini kengaytirish ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun tarix fanlari doktori, professor Ahmad Rajab “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangani qayd etilgan.

Yaqin Sharqdagi eng nufuzli nashrlardan biri boʻlgan «Al-Youm as-Sabiʼ» gazetasi professor Ahmad Rajabning ikki jildlik “Buxorodagi obidalar va Islom sivilizatsiyasi” kitobining chop etilishi ikki mamlakat hamkorligini yana-da mustahkamlaganini taʼkidlagan. Maqolada bu asar “Ipak yoʻli shaharlaridagi obidalar va Islom sivilizatsiyasi ensiklopediyasi" turkumidagi birinchi kitob boʻlgani va Ahmad Rajab tomonidan Samarqand, Termiz, Toshkent, Fargʻona, Urganch tarixi va diqqatga sazovor joylari haqida yana bir qancha kitoblar nashrga tayyorlangani toʻgʻrisida xabar berilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi ilm dargohlarining tashkil etilishi buyuk oʻzbek allomalari, islom madaniyati va tamadduniga boʻlgan hurmat va eʼtibor sifatida yuqori baholangan.

«Roʻz al-Yusuf» gazetasi misrlik olimga berilgan mukofot haqidagi maqolada, shuningdek, XX asrning 70-80 yillarida 200 ga yaqin misrlik talaba va aspirant Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlarida texnik fanlar, tibbiyot, irrigatsiya va boshqa sohalarda taʼlim olgani, Misr badiiy filmlari Toshkent xalqaro kinofestivallarida namoyish etilganiga eʼtibor qaratgan.

«Al-Ray» gazetasi qayd etishicha, ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar nafaqat oʻtmishda, balki hozirgi davrda ham jadal rivojlanmoqda. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar kengayishiga Misr Prezidentining 2018-yil sentyabrda Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oʻtkazilgan samarali muzokaralari turtki bergan. Oʻzbekiston rahbari boshchiligida iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida Oʻzbekistonning Misr va boshqa arab davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmining bir necha barobarga oshishi kutilmoqda.

Mamlakatning yetakchi nashrlaridan yana biri «Bavvabat al-Ahram» gazetasining maʼlum qilishicha, doktor Ahmad Rajabning Oʻzbekistonga qiziqishining asosiy sababi mintaqaning insoniyat sivilizatsiyasidagi oʻrni, uzoq tarixi va ushbu hududda koʻplab manbalar mavjudligidadir. Qohira universiteti Arxeologiya fakulteti dekani Oʻzbekiston va Misrni azaldan oʻzaro aloqalar bogʻlaganini, islom davrida esa yana-da mustahkamlanganini qayd etgan. Maqolada taʼkidlanishicha, Xorazmshohlar davlati qoʻshinining 40 ming askari moʻgʻullar bilan jangdan soʻng Oʻzbekiston hududini tark etib, Misr podshohi Solih Najmuddin Ayyubning qoʻshiniga qoʻshilishi va ushbu zaminda qolishi ikki xalq aloqalari uzoq va mustahkam rishtalarga ega boʻlganini koʻrsatadi.

Doktor Ahmad Rajabga “Doʻstlik” ordenining topshirilishi munosabati bilan Qohira universitetida oʻtkazilgan uchrashuvga oid «Al-Iqtisadiy al-Arabiy» jurnali maqolasida oliy oʻquv yurti rektori Muhammad Usmon al-Xoʻsht islom tamaddunini yaratishda salmoqli hissa qoʻshgan Xorazmiy, Termiziy, Beruniy va Ibn Sino kabi allomalarning yurti bilan aloqalarni kengaytirishdan Misr tomoni manfaatdor ekanini taʼkidlagani qayd etilgan. Maqolada Muhammad Usmon al-Xoʻsht universitet xodimi Oʻzbekistonning yuksak mukofoti bilan taqdirlangani uchun mamlakatimiz Prezidentiga samimiy minnatdorlik izhor etgani, Shavkat Mirziyoyevning taʼlim tizimi xodimlari va ushbu sohaga berayotgan katta eʼtiborini yuqori baholagani taʼkidlangan. Qohira universiteti rektori Oʻzbekistonning oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil davom ettirilishiga ishonch bildirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?