Prezident farmoni bilan qator soliq imtiyozlari berildi

22:34 19 Mart 2020 Jamiyat
259 0

Foto: www.google.com

“Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2020-yilning 1-aprelidan 1-oktyabriga qadar:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foiziga kamaytiriladi;

alkogol mahsulotlari bilan ulgurji savdo qiluvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga kamaytiriladi;

alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun umumiy ovqatlanish tashkilotlarining yigʻim miqdori belgilangan miqdordan 25 foizga kamaytiriladi.

2020-yilning 1-aprelidan 1-iyuliga qadar turistik (mehmonxona) yigʻim hisoblash va undirish toʻxtatiladi.

Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarni sugʻorishda foydalanilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun hajmlar boʻyicha soliq stavkalari 2020-yilda belgilangan stavkalarning 50 foiziga kamaytiriladi.

Jismoniy shaxslarning 2019-yil uchun yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020-yil 1-avgustgacha uzaytiriladi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini toʻlash muddati 2020-yil 15-oktyabrgacha uzaytiriladi.

2020-yil 1-apreldan jismoniy shaxslarning xayriya tashkilotlaridan moddiy manfaat koʻrinishida oladigan daromadlari soliqqa tortishdan ozod etiladi.

Tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bogʻliq boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromad soligʻiga belgilangan stavkani 30 foizga kamaytirish tavsiya qilindi.

Mahalliy hokimiyat organlari tadbirkorlik subyektlariga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash muddatini foizlarsiz 6 oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini taqdim etadi. Bunda, ushbu soliqlarni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) soliq toʻlovchining arizasi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlarining xulosalari asosida boshqa hujjatlarni talab qilmasdan taqdim etiladi.

Farmonda belgilanishicha, 2020-yil 1-oktyabrgacha:

xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitorlik qarzdorliklari uchun jarimalar qoʻllash toʻxtatiladi;

soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovlari boʻyicha penya hisoblanishini toʻxtatib turadi hamda soliq qarzlarini majburiy undirish choralarini koʻrmaydi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining soliq tekshiruvi 2021-yil 1-yanvargacha toʻxtatib turiladi, jinoyat ish doirasida yoki yuridik shaxs tugatilganligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan soliq tekshiruvlari bundan mustasno.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?