Prezident farmoyishiga binoan 15-dekabrdan boshlab bir oy “Vatanparvarlik oyligi” etib belgilandi

16:11 17 Dekabr 2019 Jamiyat
1462 0

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoyish imzolandi.

Farmoyishga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga bagʻishlangan vatanparvarlik oyligini 2019-yil 15-dekabrdan 2020-yil 15-yanvarga qadar oʻtkazish boʻyicha tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Farmoyishda Vatan himoyachilari kunining keng nishonlanishini taʼminlash davlat va jamoat tashkilotlarining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri hamda har bir Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining sharafli burchi ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.

Shuningdek, ishchi guruh harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan hamkorlikda Dasturda belgilab berilgan bayram tadbirlarini “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!” umumiy shiori ostida tashkiliy jihatdan yuksak saviyada amalga oshirish, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari tomonidan oʻzlari tahsil olgan oliy taʼlim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarida “Mardlik va jasorat” mavzusidagi darslar oʻtkazishi belgilangan.

Xususan, “Vatanparvarlik oyligi” davomida “Harbiy-vatanparvarlik karvonlari”ning taʼlim muassasalariga tashrifini uyushtirish, maktabgacha taʼlim muassasalarining tayyorlov guruhlarida “Men ham Vatanimga xizmat qilaman!” mavzusidagi estafetalar, shuningdek, harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi insho, surat, sheʼr va amaliy sanʼat hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida chaqiruvga tayyorlanayotgan oʻspirin yoshlar oʻrtasida “Men albatta harbiy boʻlaman!” tanlovlarini oʻtkazish, yoshlar oʻrtasida, mahalla, tuman, shahar viloyat markazlarida vatanparvarlik ruhidagi turli aksiyalarni tashkil etish, buyuk bobolarimiz jasoratini ifodalovchi sahna koʻrinishlarini namoyish qilish kabi koʻplab vazifalar koʻzda tutilgan.

Fuqarolarimizni vatanparvarlik oyligida faol boʻlishga, xalq va armiya birdamligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishga chorlab qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?