Prezident dunyoqarashini oʻzgartirmagan sektor rahbarlarini tanqid qildi

14:10 21 Avgust 2019 Siyosat
130 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Nukus shahrida Qoraqalpogʻistonni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, shahar va tumanlari sektor rahbarlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etmoqda.

Barcha soha va hududlarda, jumladan, Qoraqalpogʻistonda ham ijobiy sifat oʻzgarishlari taʼminlanmoqda. Birinchi yarim yillikda yalpi hududiy mahsulot 7,2 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 5,4 foizga, qurilish ishlari hajmi 45 foizga oʻsgan.

Prezidentimiz hududda hali jiddiy muammolar koʻpligini, sanoatni rivojlantirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha ishlar yetarli emasligini taʼkidladi.

- Bu yerga qarsak uchun emas, ishlash uchun, xalqimiz koʻzini koʻrish uchun keldim, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Dunyoqarashini oʻzgartirmagan sektor rahbarlari oyogʻimizga kishan. Ishga kirgan bitta xotin-qizning baxtini tasavvur qilasizlarmi? Yoshlarni kim yetaklaydi, toʻgʻri yoʻnalish beradi? Moʻynoq misolida koʻrdilaringiz. Odamlarning koʻzlarida “qilsa boʻlar ekan-ku” degan nur bor. Lekin endi bu tarix. Hamma tumanlarda shunday oʻzgarishlar qilish kerak.

Birinchi yarim yillikda Qoraqalpogʻistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi atigi 0,5 foizga oʻsgani, Taxtakoʻpir, Shumanay, Nukus, Chimboy, Toʻrtkoʻl, Kegayli tumanlarida sanoat deyarli yoʻqligi tanqid qilindi. Xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik rivoji ham sustligi koʻrsatib oʻtildi.

- Oxirgi uch yil mobaynida tub islohotlar natijasida koʻplab sohalarni erkinlashtirdik, ularning rivojiga xalaqit bergan cheklovlarni bekor qildik. Qoraqalpogʻistonda ham har bir sektor rahbari cheklovlarni bekor qilaman, tadbirkorga xizmat qilaman, degan qoida, shior bilan ishlashi kerak, - deya taʼkidladi Prezident.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?