Prezident bilan AQShda muloqotda bo’lgan taniqli doktor O’zbekistonga keldi

15:50 06 Aprel 2018 Jamiyat
1120 0
Foto: prezident.uz 

 O’tgan yil 20 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkda Amerika Qo’shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashgandi.

O’shanda davlatimiz rahbari ularni O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarga daxldor bo’lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo’naltirishga da’vat etgan bo’lsa, vatandoshlarimiz esa Prezidentimiz bilan uchrashish o’zlari uchun ulkan sharaf ekanini, bunday e’tibordan boshlari osmonga etganini ta’kidlagandi.

Ushbu samimiy muloqotda asli o’zbekistonlik, ayni paytda AQSh Sog’liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimi bo’lib ishlab kelayotgan taniqli mutaxassis Amir Mahmudov ham ishtirok etgan edi.

U Prezidentimizning da’vatlariga “labbay” deb javob berib, shu kunlarda yurtimizga tashrif buyurdi.

Safar chog’ida taniqli tibbiyot eksperti ishtirokida tegishli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar, talabalar uchun mahorat maktablari tashkil etish rejalashtirilgan.

Xususan, ertaga Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida doktor Amir Mahmudov tomonidan “AQSh fiziologiya va sog’likni saqlash tizimida innovatsion g’oyalar”  mavzusida bo’lajak mutaxassislar uchun mahorat maktabi o’tkaziladi.

Bunday muloqotlar yoshlarning zamonaviy tibbiyotning eng oxirgi yutuqlari, nazariya va amaliyot uyg’unligidagi so’nggi tendentsiyalar haqida yaqindan boxabar bo’lishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?