Prezident archasi: Mehr nurlaridan yuraklar shodmon

18:10 29 Dekabr 2019 Jamiyat
445 0

Xalqimiz — bolajon. Farzand taqdiriga befarq emas, istiqboli, kamoloti uchun qaygʻuradi. Buning uchun vaqtni ham, mablagʻni ham ayamaydi.

“Faol tadbirkorlik va ijtimoiy rivojlanish yili” sifatida tarix sahifalariga muhrlanayotgan joriy taqvimda ham ertamiz egalarini har tomonlama sogʻlom va barkamol etib etib voyaga yetkazish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Yoshlar tarbiyasi, oʻqishi, hunar oʻrganishi, biron-bir kasb egasi boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatimizda navqiron avlodni kamolga yetkazishning dasturilamali sifatida ilgari surilgan “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi, “Beshta muhim tashabbus” hamda “Koʻngil koʻzi” singari koʻplab maʼrifiy loyihalar va amaliy chora-tadbirlar zamirida ham ayni maqsadlar mujassam.

Yangi yil bayrami arafasida kichkintoylarga ulashiladigan oʻquv qurollari va turfa shirinliklardan iborat “Prezident sovgʻasi” ana shu gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasidir.

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyi. Ostonada mehmonlarni koʻtarinki kayfiyatda kutib olishmoqda. Saroy foyesi bayramona bezatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Sen yolgʻiz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamgʻarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Prezident archasi” bayram tadbiriga ijtimoiy himoyaga muhtoj, Mehribonlik, Muruvvat uylari va “SOS--bolalar mahallasi” tarbiyalanuvchilari, kam taʼminlangan oilalar, hamda Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yoʻlida qurbon boʻlgan Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya xodimlarining farzandlari taklif qilingan.

...Qizaloq kamalakrang oʻyinchoqlar bilan bezatilgan koʻrkam archa yonida raqsga tushyapti. Yuzida tabassum, nigohida quvonch zohir. Qoʻshiq tugagach, u qarsaklar ostida Qorbobodan sovgʻa oldi. Barcha xursand. Tengqurlari olqishiga sazovor boʻlgan bu qizchani suhbatga tortdik.

Ismim Nilufar, yoshim 10 da, — deydi u. — Ayni paytda Yunusobod tumanidagi 9-sonli ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabining 3-sinfida tahsil olyapman. Bayram juda ajoyib oʻtyapti. Bilasizmi, bu yerdagi Qorbobo topqir ekan. Koʻnglimdagini darrov payqadi —raqsga tushib berganim uchun kitob sovgʻa qildi. Behad quvondim. Endi uni taʼtil vaqtida miriqib oʻqiyman. Eʼzozu etibor uchun tengdoshlarim nomidan Prezident bobomizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

Mehrdan shodlikka toʻlgan yuraklarning bunday dil izhorlari bisyor boʻldi. Kichkintoylarning shukuhli lahzalari tantananing asosiy qismiga ulanib ketdi. Sahnada “Tomosha” bolalar ijodiy guruhining “Biz taratgan nur!” nomli maxsus teatrlashtirilgan sarguzashtlari namoyish etildi. Sheʼrlar, topishmoqlar aytildi. Davra turli ertak qahramonlari oʻyin-kulgusi bilan qizigandan-qizidi. Har xil oʻyinlar, tez aytishlaru topishmoqlar bayramga yanada joʻshqinlik bagʻishladi.

— Bu yilgi shodiyona har yilgidan qiziqarli boʻldi, — deydi A. P. Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Mirjahon Hakimov. — Ayniqsa, doʻstlikning qadr-qimmati, ilmsizlik oqibati hamda ezgulikning hamisha yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishi singari rang-barang chiqishlar bizni ezgulikka chorladi. Hamjihatlik, mehnatsevarlik va halollik singari fazilatlarning betakror tarannumidan bir olam taassurot oldik.

“Prezident archasi” tadbirlari mamlakatimizning boshqa hududlarida ham koʻtarinkilik bilan oʻtkazilmoqda.

Muhammadjon AHMADJONOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?