Prezident aholi murojaatlari asosida sharoitlarni yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berdi

14:58 01 Iyun 2019 Siyosat
394 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron shahri Davlat xizmatlari markazining yangi binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Bugungi kunda Ohangaron shahrida 37 mingdan ortiq aholi yashaydi. Markazda jismoniy va yuridik shaxslarga 100 dan ziyod xizmatlar koʻrsatilmoqda.

Barcha sohalar rivojlangani sari xalqimizning davlat xizmatlariga ehtiyoji va talabi ortib bormoqda. Xususan, 2018-yil davomida markaz tomonidan jami 7 mingdan ziyod xizmatlar koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yilning birinchi choragida bu koʻrsatkich 6 mingdan ortdi.

Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida binoda bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, kutubxona, oshxona, investorlar uchun maxsus xonalar hamda bepul Wi-Fi tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan ushbu markazda Bosh vazir qabulxonasi tashkil etildi.

Prezidentimiz aholi koʻp murojaat qilayotgan masalalarni oʻrganib, shunga taalluqli sharoitlarni yaxshilash, talab etiladigan hujjatlarni kamaytirib borish zarurligini taʼkidladi. Davlat xizmatlari markazi tizimidan foydalangan holda mahalla idoralarida ham hujjatlar bilan ishlashni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?