Portlash xavfi tufayli 8 ming odam evakuatsiya qilindi

04:54 19 Fevral 2019 Dunyo
643 0

Foto: Global Look Press.

Germaniyaning Nyurnberg shahridagi rayonlarning birida 8 ming nafar aholi portlash xavfi tufayli evakuatsiya qilindi. Bunga Ikkinchi jahon urushi davriga oid, qariyb 250 kilogramm keladigan snaryadning topilishi sabab boʻlgan. Bu haqda TASS xabar tarqatdi.

Sapyorlar bombaning portlovchi qurilmasini kimyoviy ishlov berish yoʻli bilan zararsizlantirishga urinishgan. Ammo mazkur yumush amalga oshmagach, Xefen rayoni hamda unga tutash boshqa tumanlardagi aholi evakuatsiya qilingan. Nyurnberg va qoʻshni Fyurt shahrida favqulodda holat eʼlon qilingan.

Maʼlumotlarga qaraganda, 1939 — 1945-yillarda Germaniya hududiga ikki milliontadan ortiq bomba tashlangan boʻlib, ularning 20 foizga yaqini portlamay qolgan. Shu bois bu mamlakatda oddiy aholi vakillari, asosan, quruvchilarning bunday “topilma”larga tez-tez duch kelishi tabiiy holga aylangan.

Eslatib oʻtamiz, Ikkinchi jahon urushi davriga tegishli bomba topilishi tufayli eng yirik evakuatsiya 2017-yili Frankfurt-na-Mayn shahrida amalga oshirilgan boʻlib, oʻshanda 60 ming odam oʻz uyini tark etishga majbur boʻlgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?