Pora taklif qilayotganlar qoʻlga olinmoqda

14:13 14 Sentyabr 2018 Jamiyat
469 0
Arxiv foto

Poraxoʻrlikning hamon mavjudligiga nafaqat ayrim mansabdor shaxslar, balki ayrim kishilar ham sabab boʻlmoqda. Keyingi ikki oy davomida ichki ishlar organlari xodimlariga qariyb yigirmaga yaqin fuqaro pora bermoqchi boʻlgan, deb yozadi OʻzA.

Qonunchiligimizda nafaqat pora olgan, balki uni taklif qilib, bergan shaxslar ham qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Shu bois pora taklif qilayotganlar tezkor tadbirlarda qoʻlga olinmoqda.

Masalan, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tuman IIB xodimiga “Kishmishtepa” mahallasida yashovchi J.T. oʻziga nisbatan rasmiylashtirilgan maʼmuriy ishni ijobiy hal qilib berish evaziga 450 ming soʻmni pora sifatida taklif qilgan. Bu shaxs uni berayotgan vaqtida viloyat IIB va tuman prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Xorazm viloyatining Xazorasp tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Shoshilinch tibbiy yordam boʻlimining boshligʻi Q.H. Xazorasp tumani IIB xodimidan oʻziga nisbatan koʻrilayotgan jinoyat ishi boʻyicha yengillik yaratib berishligini soʻrab, evaziga 400 AQSH dollarini pora sifatida taklif etgan. Bu shaxs ham uni berayotgan vaqtida viloyat IIB va prokuratura xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

IIV matbuot xizmati xabariga koʻra, tezkor tadbirlarda qoʻlga olinayotgan bu kabi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?