Poplik armrestlingchi qizning oltin medali biryoʻla ikkitaga koʻpaydi

11:42 05 Noyabr 2019 Jamiyat
104 0

Suratdagi butun kuchini bilagiga jamlab, raqibini shoshirib qoʻygan qizni taniysizmi? U armrestling (qoʻlda kuch sinashish)ustasi, Namangan viloyatining Pop tumanida tavallud topgan 16 yoshli Nazokat Soliyeva boʻladi. Ayni yoʻnalishda yigitlardan qolishmaydigan qishloq qizi kuch va mahoratini koʻplab nufuzli musobaqalarda sinovdan oʻtkazib, muxlislar olqishini qozongan.

Oʻzbekiston Armrestling Federatsiyasi terma jamoasi aʼzosi N.Soliyeva yaqinda Ruminiya davlatining Konstanta shahrida oʻtkazilgan armrestling boʻyicha jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi hamda chap va oʻng qoʻldagi bellashuvda gʻolib chiqib, biryoʻla ikkita oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Bu Nazokatning xalqaro miqyosdagi dastlabki gʻalabasi emas. Uning yutuqlari koʻpligidan hayratga tushmaslikning iloji yoʻq. Dasti kuchli sportchi 2017-yil Vengriya davlatida boʻlgan xalqaro musobaqada ham 2 karra jahon chempioni, 2018-yil Turkiyaning Antaliya shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida kumush medal sovrindori, bundan tashqari 6 karra Osiyo chempioni boʻlgan. Mamlakat chempionatlarida esa 30 karra .gʻalaba nashidasini surgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?