Popda pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish va kambagʻallikni qisqartirishning qanday imkoniyatlari mavjud?

11:20 12 Iyun 2020 Iqtisodiyot
213 0

Dunyo ahlini tashvishga solgan koronavirus pandemiyasi aholi turmushida qator murakkabliklarni keltirib chiqarish bilan birga iqtisodiyotning asosiy jabhalariga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Joylarda qator ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati vaqtincha toʻxtagan boʻlsa, koʻplab yurtdoshlarimizga daromad manbai boʻlgan ish oʻrinlarini yoʻqotishga toʻgʻri keldi. Masalan , Pop tumanida karantin tartibi amal qila boshlagandan buyon oʻtgan vaqt ichida 321 ta xoʻjalik yurituvchi subyektda ishlar vaqtincha toʻxtagan boʻlsa, 2180 ta oilaning iqtisodiy ahvolida salbiy oʻzgarishlar koʻzga  tashlandi.

Xoʻsh, tuman hokimligi pandemiya tufayli vujudga kelgan inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish,ayniqsa, aholi bandligi sohasining oʻtkir muammolarini yechish borasida qanday tadbirlarni amalga oshirmoqda? Bunga javoban hududda moddiy koʻmakka muhtoj kam taʼminlangan oilalarni daromad manbai bilan taʼminlash, aniqroq aytganda kambagʻalchilikni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan dastur muhim omil boʻlayotganini taʼkidlash oʻrinlidir. Dasturga muvofiq, karantin davrida ish oʻrnini yoʻqotish hisobiga moddiy jihatdan qiynalib qolgan, yaqin vaqtga qadar xorijda ishlab kelgan va uyiga qaytgan fuqarolar bandligini taʼminlash maqsadida ularning tahlili sektorbay har bir mahalla kesimida oʻrganib chiqilib, yuqorida aytib oʻtilgan 2180 oilaning 8901 aʼzosi “temir daftar”ga kiritildi. Joriy yilning dekabriga qadar ularning barchasini kambagʻallikdan chiqarishning aniq vazifalari belgilab olingan. Aytish lozimki, yangi va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish masalasida Popda ham imkoniyatlar hamisha topiladi. Bunga, masalan, tadbirkorlik rivoji, keyingi paytlarda qishloq ahli uchun qulay boʻlgan issiqxonalar qurish, agrar yoʻnalishdagi kooperativlar tashkil etish, qurilish tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, haq toʻlanadigan jamoatchilik ishlariga jalb etish, manzilli dasturlarni foydalanishga topshirish singari omillarni kiritish mumkin.

— May oyining oʻzida 752 ta oilani kambagʻallikan chiqarilganligi toʻgʻrisida dalolatnomalar rasmiylashtirildi, — deydi tuman hokimligi iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi bosh mutaxassisi Adhamjon Ubaydullayev. — Bunda birinchi navbatda ayni oilalar aʼzolar mehnatga yaroqli vakillarini kasbi va qiziqishiga mos ish bilan taʼminlash choralariga eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari ushbu xonadonlarga doimiy daromad yaratib berish maqsadida 62 ta oilaga 1500 bosh parranda, 17 tasiga 25 bosh qoʻy, 19 tasining har biriga qoramol, 35 kishiga asalari uyalari olib berildi.Koʻplab oilalar ixcham issiqxonalardan foydalana boshladi.

Darhaqiqat, uydan chiqmay daromad topishning eng qulay usuli boʻlgan tomorqa xoʻjaligining yoʻlga qoʻyilishi koʻplab oilalarning moddiy ahvolini yaxshilashda samarali vosita hisoblanadi. Bu, agar hovlingizni bir chetida issiqxona boʻlsa yil davomida ham ish, ham yaxshigina mablagʻga ega boʻlasiz, degani. Keyingi paytlarda tuman qishloqlarida 27 ta oilaga zamonaviy issiqxona qurib berildi. Masalan, “Yuksalish” mahallasida yashovchi Nuriddin Gʻulomov va Gulzoda Ashurovalarning ham endi 1,5 sotixlikdan «teplitsa» si bor. Unga sarflangan mablagʻning 2,5 million soʻmi bank krediti, 2,3 million soʻmi esa bandlik xizmatining subsidiyasi orqali qoplandi. Yaratilgan imkoniyatdan darhol foydalanishga kirishgan har ikki oila ekkan pomidor nihollari gurkirab rivojlanmoqda.

— Mutaxassislar issiqxona afzalliklarini belimizga belbogʻ qilib,tushuntirib qoʻyishdi,-deydi Nuriddin Gʻulomov. – Hisob-kitoblarga koʻra, bir sotixli issiqxonaga ekilgan pomidordan oʻrtacha 2,5 tonnaga yetkazib hosil olsa boʻlarkan. Uning daromadi 10 million soʻmdan oʻtadi. Oktyabr oyiga borib bodring ekamiz. Uni ham toʻrt-besh oy ichida 15 million soʻmga sotib olish mumkin. Bu har ikki ekindan 25 million soʻm daromad naqd, degani.

Agrar yoʻnalishdagi yana bir imkoniyat dehqonchilikning maʼlum yoʻnalishiga ixtisoslashgan qishloq xoʻjalik kooperativlarini tashkil etishda koʻzga tashlanadi. Popda foydalanishdan chiqib ketgan, biroq yer osti sizot suvlari mavjud boʻlgan dala maydonnlarini qayta oʻzlashtirish hisobiga 3359 gektar yerda 14 ta loyiha amalga oshirilyapti. Ijaraga beriladigan bu maydonlar negizida hozirgacha “Pop yongʻoqzorlari”, “Pop oʻrikzorlari”, “Pop Chorkesar echkichilik”, “Gʻurumsaroy mevali bogʻlari” deb nomlangan kooperativlar tuzildi. Ularga aʼzo boʻlgan 350 ta yosh oilaning har biri 35 sotixdan bogʻ egasi. “Mashʼal” massivida ish boshlagan kooperativda 50 ta oila shunday imkoniyatga ega boʻldi. Ularning bogʻiga xorijdan keltirilgan yuqori hosilli yongʻoq koʻchatlari ekilgan. Nihollar mevaga kirgunga qadar qator oralariga loviya, mosh singari dukkakli ekinlar joylashtiriladi.

Toʻgʻri, deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan bu yerlarni epaqaga keltirish oson kechmaydi. Katta mablagʻ talab etgan loyihalar ijrosini davlatning moliyaviy yordamisiz uddalash mushkul. Shundan kelib chiqib, irrigatsiya tarmoqlari, nasos agregatlari qurish va rekonstruksiya tadbirlari, tik quduqlar barpo etish uchun hammasi boʻlib 18,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Sanoat ishlab chiqarishining jadal rivoji yaqin vaqtgacha tuman iqtisodiyotiga joʻshqinlik bagʻishlab kelayotgan edi. Qatʼiy karantin tartibi joriy etilishi bilan 321 ta korxonaning faoliyati vaqtincha toʻxtadi. Biroq, ahvol shundayligicha qolgani yoʻq. Xalq deputatlari tuman Kengashining qarorlari bilan bosqichma-bosqich 272 ta subyektga karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda ish yuritishga ruxsat berildi. Ular orasida faoliyatni tiklabgina qolmasdan ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish harakatiga tushgan «Aktiv Chorkesar layt» masʼuliyati cheklangan jamiyatidagi izlanish va intilish eʼtiborni tortadi. Bu yerda fevral oyida Vengriyadan 80 ming bosh yuqori mahsuldor tovuqlar keltirilgan edi. Karantin kunlarida yana 260 ming bosh qoʻshilib, 340 ming boshga yetdi. Bu koʻrsatkich yil oxiriga borib bir million boshdan ortishi aytilmoqda. Eʼtiborli jihati, ayrim joylarda mehnat oʻrinlari qisqargan karantin kunlarida bu yerda 72 kishi ishga olinib, jamoa safi 200 kishini tashkil etmoqda. “Mirishkor” massivida barpo etilayotgan 6 ta koʻp qavatli uylar qurilishida ishtirok etayotgan toʻrtta binokorlik jamoasi ham vaqtincha ishsiz boʻlgan 3123 nafar fuqaro bandligini taʼminladi.

Tumanda ichki va tashqi turizmni tashkil etishning tabiiy imkoniyatlari mavjudligi bu soha istiqboliga yoʻl ochadi. Xususan, oʻziga xos tabiati bilan sayyohlarni jalb etishga qodir boʻlgan Chodak, Chorkesar singari togʻoldi qishloqlarida barpo etishga kirishilgan majmualar yaqin kelgusida viloyatning eng jozibali turistik manzillari qatoridan joy olishi turgan gap. Ayni chogʻda ushbu hududlarda qurilayotgan mehmonxona va mehmon uylari, sayyohlik infratuzilmasining boshqa inshootlari serdaromad sohaning mustahkam negizini yaratishga asos boʻladi.

Barcha joydagidek Popda ham kuni kecha hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatishning besh oylik yakunlari chiqarildi. Garchi, ayrim sohalarda pasayish surʼatlari kuzatilsa-da, koʻplab jabhalarda ish tiklab olinganidan koʻngil yorishadi. Sanoat, boshqa koʻplab sohalar meʼyordagi ish jarayonida faoliyat koʻrsatmoqda. Eksport amaliyotlari ham davom etayotir. Misol uchun, yil boshidan buyon 2,7 million AQSH dollaridan ortiq mahsulot xorijga chiqarildi. Uning tarkibida Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bozorlariga yetkazib berilgan oʻrik, gilos va boshqa totli mevalar ham bor.

Yuqorida taʼkidlangan dasturdan shuningdek,”Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati jamgʻarmasi tomonidan kam taʼminlangan oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, oʻrta va yirik loyihalarni amalga oshirish orqali 6019 ta yangi ishchi oʻrni yaratish, oilaviy tadbirkorlik sohasiga jalb etiladigan kreditlar samaradorligini oshirish, kasbga oʻqitish markazlari faoliyatini takomillashtirish singari dolzarb vazifalar oʻrin olganki, ularning bosqichma-bosqich roʻyobga chiqarilishi tuman ahli kundalik turmushiga oʻziga xos mazmun olib kiradi, odamlarning hayotdan roziligini orttiradi.

Binobarin, tumanda hozirgi murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli tadbirlar, xususan, kambagʻallikni qisqartirish ishlari yaqin vaqt ichida oʻz samarasini beradi, deyishsa aslo ikkilanmang. Chunki, popliklar hamisha lafzda turishgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?