AQSH davlat kotibi KXDR rahbariga “Raketa odam” qo‘shiqlar to‘plamini topshiradi

16:30 06 Iyul 2018 Dunyo
310 0
Fotо: Reuters

AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo KXDRni denuklerizatsiya qilish masalalarini yana bir bor muhokamadan o‘tkazish uchun bugun Pxenyanga yetib keldi. Bu haqida Yonhap xabar berdi. Mazkur tashrif 12 iyun kuni Singapurda o‘tkazilgan AQSH-KXDR sammitining mantiqiy davomidir.

Amerika delegatsiyasi tarkibida AQSHning Filippindagi elchisi Son Kim, MRBning Koreya ishlari bo‘yicha markazi rahbari Endryu Kim, Oq uy milliy xavfsizlik kengashi huzuridagi Koreya yarim oroli ishlari bo‘yicha maslahatchi Ellison Xuker, mudofaa vazirining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi masalalari bo‘yicha yordamchisi Rendall Shrayver joy olgan. Safar chog‘ida ular KXDR yetakchisi Kim Chen In va ushbu mamlakatning qator yetakchilari bilan uchrashadi. Muhokamalarda Singapur sammitida erishilgan kelishuvlarni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Maykl Pompeo Kim Chen In bilan uchrashuv chog‘ida unga prezident Donald Trampning maktubi bilan birgalikda britaniyalik qo‘shiqchi Elton Jon qo‘shiqlaridan tashkil topgan Rocket Man(“Raketa odam”) diskini ham topshiradi. Bu haqida South China Morning Post nashri xabar bergan.

Safar ertaga yakuniga yetadi va Pompeo Shimoliy Koreyani tark etib, Tokioga yetib boradi. U yerda Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari Taro Kono va Kan Gyon Xva bilan uch tomonlama muzokaralarda ishtirok etadi hamda KXDRdagi uchrashuvlar haqida ma’lumot beradi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH bosh kotibi KXDRga bundan oldin ikki bor tashrif buyurgandi.

Ma’lumot uchun, Vashington Koreya yarim orolini denuklerizatsiya qilish jarayoni ikki yoki ikki yarim yil ichida yakunlanishiga umid bildirmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?