Pomidor nega kamyob mahsulotga aylanib boryapti?

16:20 17 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
1832 0

 

Yurtdoshlarimiz yakunlanayotgan qishloq xoʻjaligi mavsumida pomidor kamligi, boz ustiga, narxining qimmatligidan hayron qolishdi. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning III choragida iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovlar natijalarida ham oʻz ifodasini topdi. 

Gap shundaki, soʻrovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar “Qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi?” degan savolga javoban, birinchi navbatda, pomidorni, soʻngra mol va qoʻy goʻshti, shuningdek, guruchni koʻrsatishgan.

Sabzavotlar qishga gʻamlanadigan, konserva qilinadigan pishiqchilik mavsumida uning bahosi oshib ketgani, haqiqatan ham, kishini ajablantiradi. Oʻsha paytda Toshkentdagi dehqon bozorlarida pomidorning kilogrammi oʻrtacha 7-8 ming soʻmdan sotildi.

Mavsum oxirlay boshlagach, ichki bozor ushbu mahsulot bilan nisbatan toʻyinib, narx barqarorlashdi. Ammo isteʼmolchilarning aytishicha, rastalarni toʻldirgan pomidorlar issiqxonaniki. Bu usulda yetishtirilgan noz-neʼmatlarni yil davomida topish mumkin. Ular eʼtirozi ochiq dalada, yetarli foydali haroratni olgan pomidor yoz-kuz fasllarida ham serob boʻlmagani, sifati haminqadar, bahosi esa choʻntakbop emasligi bilan bogʻliq.

— Qaniydi, falon pulga sotib olgan pomidorni ishtaha bilan yesak, — deydi poytaxtlik Muazzam Qoʻchqorova. — Ishonsangiz, mahsulotingizning teng yarmi axlatga chiqadi. Hayron qolaman, qip-qizil, bus-butun pomidorni kessangiz, oʻrtasi qorayib chirib ketgan boʻladi yoki ichi toʻla qattiq oʻzak, poʻsti qalinlashib ketgan. Baʼzilarining sirti pishgan boʻlsayam, ichi yashil. Soʻrasam, chet elliklar shunaqa “sorti”ga ishqiboz emish...

Poʻsti xuddi plyonkaga oʻxshaydi-ya?!

Yoshligimizda yegan pomidor navlari yoʻqolib ketdimikan-a?

Xoʻsh, pomidor taqchilligining sababi nimada?

Biz mavjud vaziyatni oʻrganib, ushbu savolga javob topishga urinib koʻrdik.

Qilingan mehnat va xarajat havoga uchmoqda

Tahlillarga qaraganda, pomidor sabzavot ekinlari ichida yetakchi oʻrinni egallaydi. Ushbu turdagi ziroat ekiladigan maydonlarning deyarli 42 foizi, yetishtiriladigan yalpi mahsulotning 39-40 foizi uning hissasiga toʻgʻri keladi. Yalpi hosilining 70 foizi qayta ishlansa, 10 — 15 foizi yangiligicha isteʼmol qilinadi. Qolgan qismi esa eksportga chiqariladi.

Biroq haqiqat shuki, yetishtirilayotgan mahsulot hajmi aholi hamda qayta ishlash korxonalarining xom ashyoga boʻlgan real talablarini toʻliq qondira olmayapti. Ilgari hovlisida bir parcha tomorqasi bor odam, oilasi ehtiyojiga yarasha bu mahsulotni oʻzi yetishtirgan, ortganini qoʻni-qoʻshnilarga ulashgan boʻlsa, endilikda toʻrxaltasini koʻtarib, bozorga tushmoqda.

— Keyingi yillarda tomorqamizga pomidor ekmay qoʻydik, — deydi Oqqoʻrgʻon tumanidagi Qahramon qishlogʻilik Ilhom Hotamov. — Bu ekinning kasallikka tez chalinuvchan boʻlib qolganligi hafsalamizni pir qilmoqda. Chunki nihollar gulga kirgunga qadar baravj rivojlanib, bir-ikki hosil nishonalari koʻrsatgach, qurt tushib, palagi qovjirab qolmoqda. Achinarlisi, mahalliy mutaxassislar tavsiya etayotgan dori vositalari ham natija bermayapti. Oqibatda mehnatimiz, qilgan xarajatimizga kuyib qolmoqdamiz. Shuning uchun koʻpchilik pomidor oʻrniga boshqa ekinlar ekishni afzal koʻrishyapti.

  • Statistika maʼlumotlari ham buni tasdiqlaydi. Masalan, 2016 yilda respublikamizda barcha toifadagi xoʻjaliklarda jami 64,4 ming gektarga pomidor ekilib, gektaridan 279 sentnerdan hosil yigʻishtirib olingan boʻlsa, oʻtgan yili 60,5 ming gektarga ushbu ekin joylashtirildi. Hosildorlik esa 264,6 sentnerni tashkil etdi.
  • 2018 yil yakuni boʻyicha koʻrsatkichlar yanada pasayishi mumkin. Chunki Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislarining aytishicha, fermer xoʻjaliklari tomonidan asosiy maydonlarda 20 ming gektarda, takroriy ekin sifatida rejalashtirilganidan 1,6 ming gektar kam, yaʼni 4,8 ming gektarda pomidor parvarishlandi. Chunki suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlarda ushbu ziroat ekilmadi.

Toʻgʻri, bunga aholi tomorqalari hamda dehqon xoʻjaliklaridagi paykallarni qoʻshsak, raqamlar birmuncha ortadi. Lekin yalpi hosil avvalgi yillardagiga qiyoslanganda, kam boʻlishi aniq.

Dehqonlar bilan suhbatlashsangiz, figʻoni falakka oʻrlaydi. Ularning yozgʻirishicha, pomidor issiqxona ekiniga aylanib qolmoqda. Issiqxona xoʻjaligini yuritayotgan tadbirkorlarning fikri esa bundan boshqacharoq.

— Esimni taniganimdan buyon 21 sotixlik issiqxonamizda pomidor yetishtiramiz, — deydi qibraylik xususiy tadbirkor Doniyor Yusupov. — Lekin hosil olish yildan-yilga qiyin boʻlmoqda. Chunki asosiy vaqtimiz ekinni parvarishlash, oziqlantirishga emas, balki uning kasalliklariga qarshi kurashish bilan oʻtyapti. Agar pomidor oʻrtacha uch oyda pishib yetilsa, bu davr ichida olti marta nihollarning ildiz tizimi kasalliklariga qarshi ishlov beriladi. Haftasiga bir marta shira, oqpashshaga qarshi dorilanadi. Bundan tashqari, ikki haftada bir marta, dehqonlar tili bilan aytganda, “rassom” hasharotiga, har 10 kunda virusli kasalliklarga qarshi dori sepmasak boʻlmaydi. Dorilarning deyarli hammasi chetdan keltirilgani uchun juda qimmat.

Bular mayliku-ya, keyingi paytda pomidor kuyasi degan ofat paydo boʻlganki, unga yopiq sharoitda ham bas kelish qiyin boʻlmoqda. Endi ochiq daladagi ekin taqdirini oʻzingiz tasavvur qilib koʻravering.

Chindan ham, oxirgi ikki yilda respublikamizning deyarli barcha hududida mazkur sabzavot turining barori yoʻq. Dehqon va fermerlar bilan gaplashsangiz, undan hosil olish tugul, ekinni asrab qolishning imkoni boʻlmayotganini yozgʻirishadi. Katta mablagʻ evaziga xarid qilinayotgan kimyoviy dorilarning samarasi past. Vaziyat shunday davom etsa, pomidor yaqin yillar ichida eng tanqis neʼmatlardan biriga aylanib qolishi ehtimoli yoʻq emas.

Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Muammoning ildizi qayerga borib taqaladi?

Kuyaning uyi kuysin

Aslida, serhosilligi boʻyicha pomidorga teng keladigan sabzavot yoʻq. Yurtimiz tuproq-iqlim sharoitida gektaridan oʻrtacha 30 — 35 tonna hosil olish mumkin. Unda ekin rivoji, hosildorligiga nima taʼsir qilyapti?

— Buning koʻpgina omillari bor, masalan, yer toʻgʻri tanlanmasa ham ekin rivoji sust, hosili kam boʻladi, — deydi Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi Baxtiyor Karimov. — Shu bois uni bir maydonda ketma-ket ikki yildan ortiq hamda shu paykalga uch yil oralatmay qayta ekish, shuningdek, kartoshkadan keyin yetishtirish tavsiya etilmaydi.

Ammo mamlakatimiz sabzavotchiligi, xususan, pomidor ekini bilan bogʻliq muammoni dehqonchilik madaniyati yoki virusli, zamburugʻli kasalliklar emas, zararkunandalar keltirib chiqarmoqda. Yaʼni chetdan kirib kelgan pomidor kuyasi mazkur sabzavot kushandasiga aylandi. U yilda 13 marta nasl qoldirib, juda tez koʻpayadi. Bu hasharotga qarshi 12 oy davomida kurashilayotgan boʻlsa-da, natijasi kam. Qoʻllanilayotgan dori vositalari esa qimmat. U ham har 5 — 10 kun oralatib sepilsa, samara beryapti xolos. Dehqonlarning aksariyatida kuyani bartaraf etishga hafsalasi ham, mablagʻi ham yetmayapti. Muammoning asl ildizi mana shunda!

Tajribali dehqonlarning soʻzlariga qaraganda, pomidor kuyasi ilgari yurtimizda uchramagan. Ular xorij urugʻlari bilan kirib kelgan, degan taxminda. Axir avval faqat mahalliy navlar ekilardi-da!

Hozirgi kunda ochiq dala uchun pomidorning 50 ta nav va duragayi rayonlashtirilgan boʻlsa, shulardan 30 tasi chet el duragaylari hisoblanadi. Asosiy maydonlarda ham xorijdan olib kelinayotgan duragaylar joylashtirilayotganini kuzatib, bu gaplarda jon bormikan, deb oʻylab qolasan, kishi.

Rostdan ham pomidor kuyasi urugʻlik orqali kirib kelganmi?

Masalaga oydinlik kiritish uchun fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash, zararli organizmlarning Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga masʼul boʻlgan Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi mutasaddilariga murojaat qildik.

— Pomidor kuyasi kasallik emas, zararkunanda, — deydi inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari Boqijon Murodov. — Soha mutaxassislari yaxshi bilishadi urugʻlik orqali kasalliklar oʻtishi mumkin, hasharotlar emas. Qolaversa, eksportchi davlatlar hamkorlar ishonchini oqlash uchun eng sifatli, kasalliklarga qarshi dorilangan urugʻlik joʻnatishadi. Shuning uchun pomidor kushandasi yurtimizga qoʻl yuki, karton qutilar orqali kirib kelgan, degan qarashlar haqiqatga yaqinroq. Aholi orasida bu zararkunanda kimyoviy dorilar biznesi bilan shugʻullanuvchilar tomonidan kiritilgan, qabilidagi gap-soʻzlar ham yuradi. Lekin bu farazlar oʻz isbotini topgani yoʻq.

“Oltin olma” yeyish ham osonmas

Pomidor kuyasi hozirgi paytda Oʻzbekistonninggina emas, butun dunyo dehqonlarining ogʻriqli muammosiga aylangan. Dastlab u 1980 yilda mazkur sabzavot vatani boʻlgan Janubiy Amerikada aniqlangan. Keyinchalik esa Yevropa va boshqa mamlakatlarda keng tarqalib, katta zarar keltira boshlagan. Bu ofat 2010 yilning kuzidan Rossiyada, 2011 yilda Qozogʻistonda boʻy koʻrsatgan boʻlsa, Oʻzbekistonda ilk bor 2015 yilda issiqxonalarda duch kelindi. 2016 yildan esa ochiq maydonlarga koʻchgan. Joriy yilda undan, ayniqsa, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari dehqonlari katta zarar koʻrdi.

Tabiiy savol tugʻiladi. Dehqonlarni oʻylantirayotgan masalaga qachon yechim topiladi? Koʻngildagidek hosil olinmayotganining asosiy sababi turli kasallik va zararkundalar taʼsiri ekan, demak, bu oʻsimliklar himoyasiga masʼul idoralarning faoliyatida kamchiliklar borligini ham anglatmaydimi? Nahot, soha mutasaddilari bunga qarshi kurash choralarini olib borishmayotgan boʻlsalar? Bu yil oʻtdi. Keyingi mavsum-chi?

Bu yerda gap muammoning qanday paydo boʻlganida emas, balki uni bartaraf etish haqida ketmoqda. Negaki, bundan ikki asr ilgari hech kim yemagan ushbu mahsulot allaqachon aholi sarxil holida sevib isteʼmol qilinadigan sabzavotga aylangan. Usiz endilikda dunyo oshxonalari taomlarini tasavvur qilib boʻlmaydi. Chunki pomidor mevasida organik kislotalar koʻpligi uchun ishtaha ochib, organizmda ovqat hazm boʻlishiga yordam beradi. Oshqozon-ichak tizimidagi kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroflora taʼsirini susaytiradi. Tarkibida purinlar kam boʻlganligi tufayli ateroskleroz kasalligining oldini oladigan muhim parhez mahsuloti hisoblanadi. Yurtdoshlarimiz ana shunday shifobaxsh ekin istiqbolidan xavotirdalar.

Pomidor kuyasi taʼsirini kamaytirish uchun tizimli tadbirlar olib borilmogʻi kerak. Buni aholi oʻz tomorqasida risoladagidek bajarishi amrimahol. Xalqimiz bejiz “Chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin”, demagan-da. Shuning uchun, avvalo, oʻsimliklarni himoya qilish, kimyoviy dorilar va preparatlar yetkazib beruvchi tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, ularning ish samaradorligini oshirish, dori vositalari narxining barqarorligini taʼminlash zarur. Yoʻqsa, pomidor ekilgan paykallar zararkunandalar oʻchogʻiga aylanib qolishi turgan gap.

Aslini olganda, mirishkor xalqimiz uchun koʻp narsa kerak emas. Ular yer ilmining hadisini olgan. Faqat mutasaddilar xalq ichida yurib, zarur paytda kerakli tavsiya, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turishsa, kifoya. Toki, ular xorijning usti yaltiroq urugʻliklariga mahliyo boʻlib, samarasiz dori vositalarini xarid qilib, aldanib qolmasin. Bundan nainki ularning oʻzlari, balki oltinga teng boʻlgan sugʻoriladigan yerda bitadigan noz-neʼmatlarga koʻz tikib turgan xalqimiz jabr koʻrishini bir zum boʻlsa-da, yodimizdan koʻtarmasligimiz kerak.

Ushbu masala yechimi yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlar haqida mutasaddi tashkilotlar oʻz munosabatlarini bildiradilar degan umiddamiz. Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi paytda paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani bu masalaning nechogʻli dolzarbligini koʻrsatib turibdi. Oʻzingiz oʻylang, bugun 30 dan ortiq tumanlar qishloq xoʻjaligining ushbu tarmogʻiga ixtisoslashtirilgan. Ushbu hududlarda odamlar koʻproq daromad topsin, yetishtirgan mahsulotini eksport qilib, iqtisodiyotimizga koʻproq foyda keltirsin, deya ajratiladigan ming-minglab ekin maydonlarida moʻljaldagi hosil bitmasa kimga ziyon? Axir “pomidor ajali” makon qurgan davlatlarda ham unga qarshi kurashib, barakali hosil olinayotgani, ichki ehtiyoj toʻliq taʼminlanib, qayta ishlanayotgani, eksportga chiqarilayotgani ayni haqiqat-ku?!

Darvoqe, “pomidor” soʻzi italyan tilidan oʻgirilganda, “oltin olma” maʼnosini anglatadi. Niyatimiz sabzavotchilik tarmogʻining mazkur yoʻnalishi rivojlanib, dehqonlarimizning oltindek qadrli, muhim daromad manbalaridan biriga aylansin. Biz esa mavzuga yana qaytamiz.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?