Pomidor kuyasi keltiradigan zarar

16:05 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
216 0

Sabzavotlar – insoniyat eng koʻp isteʼmol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari turkumiga kiradi. Haqiqatdan ham, pomidor, bodring, turli koʻkatlar bir tomondan inson salomatligi uchun foydali boʻlsa, ikkinchi tomondan, dasturxonlarimiz koʻrki sanaladi.

Lekin keyingi paytlarda mamlakatimizning barcha pomidor mahsuloti yetishtiriladigan hududlarda pomidorning asosiy zararkunandasi boʻlmish pomidor kuyasi tarqalmoqda. Shu bois, respublikamizdagi barcha ulgurji va dehqon bozorlarida “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari tomonidan karantin nazorati ishlari keng koʻlamda olib borilmoqda. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati xabar berdi.

Shu oʻrinda aytish joizki, pomidor kuyasi zararkunandasi respublikamizda 2015-yilda Navoiy, Buxoro, Toshkent viloyatlarida aniqlangan. Asl vatani Janubiy Amerika hisoblangan bu hasharot ituzumdoshlar oilasiga mansub oʻsimliklarga, jumladan, pomidor, baqlajon, tamakiga jiddiy zarar yetkazadi.

Zararlangan koʻchatlar oʻsishdan orqada qoladi. Barglari sargʻayib, qurib ketishi mumkin. Mevalari zararlanishi oqibatida uning sifatiga jiddiy zarar yetadi. Hosildorlik keskin kamayadi. Zararkunandaga qarshi kurash chorasi olib borilmasa, hosil 100 foizgacha zararlanishi mumkin.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, ushbu zararkunandaga qarshi kurashishning birinchi sharti – pomidor ekilgan maydonlarda ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi oʻsimliklarni yonma-yon ekmaslikdir. Qolaversa, sabzavotlar ekilgan maydonlarda feromon tutqichlar yordamida nazorat olib borish hamda kimyoviy preparatlar bilan ularga ishlov berish tavsiya qilinadi. Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, vitaminlarga boy va foydali oziq-ovqat mahsuloti boʻlgan sabzavotlarni xalqimiz dasturxoniga sifatli va mazali qilib yetkazib berish uchun pomidor kuyasi zararkunandasini bartaraf qilish choralarini oʻz vaqtida amalga oshirish lozim. Buning uchun hududlardagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari hamda viloyat va tumanlardagi oʻsimliklar klinikalariga murojaat etish tavsiya etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?