Polshaliklar Uchquduqda koʻp qavatli uylar qurishadi

10:59 11 Oktyabr 2019 Jamiyat
445 0

Illyustrativ foto

Mazkur loyiha boʻyicha tomonlar joriy yil 27-28-sentyabr kunlari Ukrainaning Odessa viloyatidagi Yujniy shahrida boʻlib oʻtgan Xalkaro Biznes forumda dastlabki kelishuvga erishgan edilar. Forumda Uchquduq tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Farrux Bafoyev hududda xorijiy investorlar va ularning kapitali uchun yaratilgan qulayliklar, mavjud yer osti va yer usti boyliklari toʻgʻrisida taqdimot maʼruzasi qilib, muhandislik-kommunikatsiya tizimining bir qator afzalliklarini qayd etdi. Ushbu taqdimot natijasi oʻlaroq oʻsha kuni mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasining iqtisodiy masalalar boʻyicha maslaxatchisi Sanjar Qosimov, Uchquduq tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Farrux Bafoyev forumda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazishib, bir qator kelishuvlarga erishdilar. Chunonchi, Xarkov shahrilik investor, Wisdom ABS korxonasi rahbari Vadim Firsanov bilan “Aqlli shahar” “Aqlli koʻcha” innovatsion loyihasini Navoiy viloyatining hududlariga tadbiq qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Joriy yilning 7-9-oktyabr kunlari loyiha investorlari Navoiyga tashrif buyurishib, viloyat tumanlariga oʻz investitsiyalarini kiritish istagini bildirishdi.

Shu asosda polshalik investorlar 2020-yil yanvaridan Uchquduq shahrida umumiy qiymati 2 million AQSH dollariga teng koʻp qavatli uylarni qurishga kirishadilar.

Kezi kelganda taʼkidlash joiz, Odessadagi biznes forum samarasi oʻlaroq ukrainalik investorlar “Yujniysentrekotur” MCHJ rahbari Vladimir Klivnik bilan “Buyuk ipak yoʻli” turistik liniyasini tashkil etish hamda Uchquduq, Tomdi, Zarafshon hududlarida turistik markazi filialini ochish, “Agrotech” MCHJ rahbari Vladimir Atansov bilan esa Tumandagi “Jaynarbek”, “Nurimbet Sari”, “Baraka Servis Uchquduq” fermer xoʻjaliklariga tuya sutini qayta ishlovchi mini texnologiyalarni keltirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari Uchquduq va Xitoyning Pandjou shaharlarining birodarlashuv bitimiga koʻra yaqin kunlarda umumiy loyiha qiymati 1,0 million AQSH dollariga teng, kurtka va jemper ishlab chiqarish ixtisoslashgan korxona qurilishi boshlanadi. Mazkur korxona tufayli tumanda 100 kishining doimiy bandligi taʼminlanadi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?