Polshada O‘zbekiston Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan kitob chop etildi

13:27 17 Iyul 2018 Siyosat
1194 0
Foto: TIV

Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligini nishonlash arafasida Varshava shahrida polyak tilida “O‘zbekiston Respublikasining 27 yillik mustaqil va barqaror rivojlanishiga bag‘ishlanadi” nomli kitob chop etildi.

TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kitobda mustaqillik yillarida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalarda qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan 2017 — 2021 yillarda rivojlanishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, iqtisodiy rivojlanish, bank islohotlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar hamda sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlardagi mamlakatimizning yutuqlari to‘laqonli tahlil qilingan.

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra tashqi siyosat, BMT, Yevropa Ittifoqi, boshqa davlatlar va mintaqalar bilan iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari maqolalarda muhim o‘rinni egallaydi. Mualliflar o‘quvchilarni O‘zbekistonning xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqan mamlakatning muhim xalqaro tashabbuslari bilan tanishtiradi.

Nashrning maxsus bo‘limlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining rivojlanishi, O‘zbekistonda turistik infratuzilmaning takomillashtirilishi va asosiy turistik yo‘nalishlar, milliy oshxonaning o‘ziga xos jihatlariga bag‘ishlangan. Shuningdek, mamlakatimizga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan polshalik turistlari bilishlari kerak bo‘lgan ma’lumotlar ham qisqacha shaklda taqdim etilgan.

Foto: TIV

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?