Poʻlat Bobojonov rahbarligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda

10:32 14 Fevral 2020 Jamiyat
419 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasidan kelib chiqib, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun tizimda islohotlarni davom ettirishni taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov rahbarligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. 

Vazir boshchiligida sohaviy xizmatlar xodimlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhlarning asosiy eʼtibori hududiy ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyatini oʻrganish, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va bu borada boshqa mutasaddi idoralar hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik natijalari bilan tanishish va amaliy yordam koʻrsatishga qaratildi.

Jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishda Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilgan ishlar oʻrganilib, ularni izchillik bilan davom ettirish ham mutasaddilarning diqqat markazida boʻldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif doirasida Ichki ishlar vaziri Moʻynoq tumanida ichki ishlar organlari yosh xodimlari tomonidan yangidan barpo etilayotgan “Yoshlar bogʻi”da boʻlib bu yerdagi koʻkalamzorlashtirish ishlariga oʻz hissalarini qoʻshish maqsadida koʻchat ekish ishlarida ishtirok etdi. Shuningdek, shu yerlik aholi bilan uchrashib ular bilan yaqindan suhbatlashdilar.

Vazir Moʻynoq tumaniga safari davomida tumanda keyingi 3 yilda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, 2019-yil foydalanishga topshirilgan Future Moynak IT center va “Book care” zamonaviy kutubxona bilan tanishib u yerdagi oʻquvchi yoshlarga kitoblar sovgʻa qildi.

“Moʻynoq akva sanoat” va “Moʻynoq tekstil” tikuv sexlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.

Ichki ishlar vaziri Moʻynoq tumanida dengizning qurigan maydonlarida yashil maydonlar barpo etish, hasharchilarga yaqindan yordam berish maqsadida saksovul koʻchatlarini ekish ishlarida ishtirok etdi.

Orol dengizi tarixi muzeyida ham boʻlib bu yerda Orol dengizi shu yerlik aholi hayotida tutgan oʻrni haqida yaqindan tanishdi.

Shuningdek, vazir Moʻynoq tumanida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar va ularning ota onalari bilan uchrashib vazir yosh xodimlariga oʻz ish tajribasi, xizmat faoliyati davomida sodir boʻlgan holatlar boʻyicha gapirib, ulardagi vatanga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini mustahkamlash, xalq osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida sharafli mehnat qilish lozimligini, alohida taʼkidlab oʻtdi.

Ochiq muloqot davomida yoshlar ham xizmat sifati va samaradorligini oshirish borasidagi oʻz takliflarini bildirdilar. Tadbirda xizmat olib borish jarayonida yuqori natijalarga erishgan hamda hamkasblari orasida namunali xulq atvori bilan oʻrnak koʻrsatgan bir guruh xodimlar munosib ragʻbatlantirilib, ularga faxriy yorliq va kitoblar jamlanmasi topshirildi. Shuningdek, yuqori koʻrsatkichga erishgan xodimlarning ota-onalariga tashakkurnomalar va qimmatbaho sovgʻalar taqdim qilindi.

Shundan soʻng, Qoʻngʻirot va Qonlikoʻl tumanlari ichki ishlar boʻlimlarida tumanning 4 sektor rahbarlari bilan uchrashib, hududda jinoyatchilikning ahvoli hamda profilaktik tadbirlar tezkor xizmatlar faoliyatini tanqidiy tahlili koʻrib chiqdi. Shuningdek, hududning mahallalarida sodir etilgan mudhish jinoyatlarning sabab va omillarini oʻrganishda jamoatchilik bilan aloqalarni yoʻlga quyishda sustkashlikka yoʻl quyilgani taʼkidlab oʻtildi.

Ichki ishlar Vazirining Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi toʻliq tafsilotlari xususida batafsil maʼlumot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?