Po‘lat Bobojonov: Afv – insonparvarlik ifodasi hamda samarali institutdir

01:22 15 Iyun 2018 Siyosat
534 0

Hayotimizda yangi institut sifatida namoyon bo‘lgan afv etish prinsipi zamirida qonuniylik va adolat mujassamlashtirilgan. Zero, bu jarayonda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlargina Prezident tomonidan afv etiladi.

O‘zbekiston tarixida ilk marta 2017 yil dekabr oyida Bosh qomusimizning 25 yilligi munosabati bilan afv etishga oid Prezident farmoni qabul qilingan bo‘lsa, bunday yana bir hujjat 2018 yil 12 iyunda muborak Ramazon hayiti munosabati bilan e’lon qilindi.

Afv etishga oid farmonlar ijrosi, uning samarali jihatlari haqida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat BOBOJONOV bilan suhbatlashdi.

– Avvalo, afvning asl mohiyatiga to‘xtalib o‘tsak. Chunki ko‘pchilik afv va amnistiya tushunchalarining farqini bilmasligi mumkin, – deydi P.Bobojonov. – Boisi, ilgari mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilingan. Amnistiyada avval jinoyatlar toifasi belgilanib, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlangan.

Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.

Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ko‘proq uchragani sir emas.

Ana shu holatlarni inobatga olgan holda davlatimiz rahbari tomonidan bu sohada yangi islohot olib borish vazifasi qo‘yildi. Shunga asosan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya, ishchi guruhlar tuzildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali ularning shaxsini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish jarayonida mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, uning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararning qoplanganligi va boshqa oqibatlarning bartaraf qilinganligi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarga, uning yoshi, sog‘lig‘ining holati, oilaviy ahvoli, jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosibligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, jabrlanganlar va jamoatchilikning, jumladan, mahkum yashagan mahalla vakillarining fikrlari ham atroflicha o‘rganildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tgan yil dekabr oyida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslar afv etildi.

Ilk afv etilgan shaxslar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib, o‘z uyi, oilasi bag‘riga qaytganiga qariyb olti oy bo‘ldi. Quvonarli tomoni shundaki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilgani, jamiyatda o‘z o‘rnini topganidir. Ular orasida qayta jinoyat sodir etgan shaxslar deyarli uchramagani buning yaqqol tasdig‘idir.

– Prezidentimizning shu yil 12 iyundagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Afv etishga oid farmon mamlakatimiz tarixida ikkinchi marta e’lon qilingan bo‘lsa ham muborak Ramazon hayiti munosabati bilan ilk marta qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 226 nafar fuqaro afv etildi.

Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarning muborak Ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lganligining amaliy ifodasidir.

Afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

– Farmon qabul qilinganidan so‘ng uning ijrosini ta’minlash muddati 24 soat etib belgilangan. Ijro bilan bog‘liq jarayon o‘z vaqtida to‘liq ta’minlandimi?

– Darhaqiqat, afv etilganlar shaxsi aniqligi uchun ham farmon ijrosi uchun qisqa vaqt belgilangan. Amnistiya akti uch oy va undan ko‘proq vaqtda amalga oshirilgan bo‘lsa, afv etilgan shaxslar bir kun ichida o‘z uyiga qaytmoqda.

Qayd etib o‘tish kerakki, afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to‘liq ozod qilinishi, 71 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirilishi, boshqacha qilib aytganda, 212 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinishi, shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilishi belgilangan edi.

Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etdi.

2018 yil 13 iyun kuni farmon ijrosi to‘liq yakuniga yetkazildi. Eng avvalo, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasidan afv etilgan xotin-qizlar ozodlikka chiqarildi.

Sir emas, ayol kim bo‘lishidan qat’i nazar, u ona, oila bekasi. Afv etilganlarning salmoqli qismini xotin-qizlar tashkil etgani ham ularga bo‘lgan e’tibor namunasi. Bundan bahramand bo‘lgan opa-singillarimizning quvonchi cheksiz bo‘lganiga ijro jarayonida guvoh bo‘ldik. Toshkentlik Zarifa Qo‘ldasheva muborak ramazon oyida afv etilgani, xatosini to‘g‘rilash uchun imkon berilganidan davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdor bo‘lganini ta’kidladi. Samarqandlik Malohat Qalandarova muborak kunlarda meni intizor kutgan yaqinlarimning bag‘ri to‘ladi, sog‘ingan farzandim ona mehriga qonadi, buning uchun Prezidentimizga ming bor tashakkur, deydi. U mamlakatimizning rivoji yo‘lida bor kuch-g‘ayrat bilan xizmat qilishga va’da berdi.

Shu kabi boshqa jazoni ijro etish muassasalarida ham farmon ijrosi to‘liq ta’minlanib, afv etilgan shaxslar oilasi bag‘riga qaytdi. Hozirda ularni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ishga joylashtirish kabi chora-tadbirlarga kirishildi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning afv etish to‘g‘risidagi farmoni qanchadan-qancha ko‘ngillarga shodlik, oilalarga halovat va ro‘shnolik ulashdi. Bu chinakam insonparvarlik namunasi, yuksak bag‘rikenglik ifodasidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?