Pokistonda Namangan viloyati koʻrgazmasi tashkil etiladi

10:05 05 Noyabr 2019 Jamiyat
152 0

Pokistonning Lahor shahrida joylashgan Oʻzbekiston – Pokiston savdo va madaniyat markazi delegatsiyasi Namangan viloyatiga keldi.

Rasmiy uchrashuvda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda mazkur markaz raisi, delegatsiya rahbari Ruhayl Ikrom tomonidan Oʻzbekiston va Pokiston mamlakatlari xalqlarining mushtarak madaniy-doʻstlik aloqalari tarixi, bugungi kunda oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarining kengayib va mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi. Joriy yilning sentyabr oyida Namangan shahar hokimi Sh.Abdurazzoqov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Pokistonga safari ham Namangan – Pokiston savdo-iqtisodiy hamkorligi istiqbolini aniq loyihalar hisobiga yoritdi.

Ruhayl Ikrom samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilib, pokistonlik tadbirkorlar Namanganga investitsiya kiritishga tayyor ekanligi, shu maqsadda uch kunlik safar davomida bu yerda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish istagini bildirdi. Lahor shahri meri va Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Lahorda Namangan viloyatiga bagʻishlangan yirik koʻrgazma tashkil etishga tayyorgarlik koʻrilayotganini qayd etdi.

Pokistonlik ishbilarmonlar “Mexmash”, “Samira Amir Tekstil”, “Iftixor kiyim sanoat”, “Orzu Ideal Tekstil”, “Art soft tekstil”, “Namangan toʻqimachi” korxonalari, shuningdek, “Orzu”, “Yuksalish”, “Paxtalikkoʻl” kichik sanoat zonalari, “Ideal”, “Tekstil libos” savdo markazlari hamda Namangan muhandislik-texnologiya instituti, yangi barpo etilayotgan “Prezident maktabi”, Isʼhoqxon Ibrat memorial kompleksi, Axsiken arxeologik yodgorligi, Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohlarida boʻlib, yaratilgan investitsiya muhiti samaralari, viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy, tarixiy-madaniy, ilmiy salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

Akromjon SATTOROV,
OʻzA muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?