Poytaxtimizning koʻrku jamoli, oʻrni va mavqeiga monand maskan

12:21 22 May 2020 Madaniyat
157 0

Mamlakatimizda iqtisodiy va siyosiy hayotning barcha jabhasida boʻlgani kabi madaniy sohada ham tub burilish yuz bermoqda. Jumladan, milliy anʼana hamda qadriyatlarimizni tiklash, boy merosimizni chuqur oʻrganish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada zamonaviy muzeylarning tashkil etilayotgani muhim ahamiyatga ega. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 — 2027-yillar davomida yurtimizdagi barcha muzeylarni rekonstruksiya qilish, qayta ­taʼmirlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan 10 yillik Davlat dasturi qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda Toshkent shahri muzeyining tashkil etilishi ham bu boradagi muhim ishlardan biri boʻldi.

Tan olishimiz kerak: 2200-yillik tarixi bor Toshkent shahri shu vaqtga qadar oʻz muzeyiga ega emas edi. Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan, ilm-fan, madaniyat, maʼrifat beshiklaridan biri boʻlgan koʻhna va doimiy navqiron shaharga oid noyob eksponatlarning bir maskanga jamlanishi poytaxtning bugungi oʻrni va mavqeiga ham naqadar monand.

Hozirgi kungacha muassasada mingga yaqin eksponatlar toʻplangan. Ular sohaning eng soʻnggi usul va uslublaridan, innovatsion texnologiyalardan foydalanilgan holda joylashtirilgan.

Kuni kecha davlatimiz rahbari ushbu madaniyat maskaniga tashrif buyurib, bu yerda qilingan ishlar bilan tanishdi. Muzey ­eksponatlarini yana-da ­boyitish, bu yerni ilm-maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu birinchi qadam. Toshkentda ilmiy tadqiqotlar uchun juda katta manba bor. Lekin shu paytgacha yaxlit va toʻliq oʻrganilmagan. Endi 2200-yillik tarixni davrma-davr oʻrganish, muzeyni ashyoviy dalillar bilan bo­yitib, shahar sivilizatsiyasini toʻla yuzaga chiqarish kerak.

Barcha zamonaviy talablarga javob beruvchi ushbu muzeyda esa zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yetarli. Ishonchimiz komilki, ushbu madaniyat maskani ajdodlarimizdan bizga meros boʻlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazinaga aylanadi. U yillar davomida poytaxtimiz tarixidan meros ashyolar, sanʼat asarlari, xalqning ezgu qadriyatlari, turmush tarzi, urf-odat va anʼanalari aks etgan noyob ­eksponatlar bilan izchil boyitib boriladi.

Baxtiyor SAYFULLAYEV,

Oliy Majlis Senatining

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?