Poytaxtimizdagi 81-maktab kapital taʼmiri uchun tadbirkor 7 milliard soʻm ajratdi 

11:42 11 Dekabr 2019 Jamiyat
351 0

Yangi taʼmirdan chiqqan shinamgina uyimizda eski buyumlar oʻrniga yangisini joylasak, koʻnglimiz koʻtariladi. Bunday xush kayfiyat bilan hayotimizda ham rangin, sermazmun sahifalar ochilishini istay boshlaymiz. Oʻquv yili boshida zamonaviy qiyofa kasb etgan maktab hovlisiga kirarkanmiz, shijoatli muallimlaru qoʻli koʻksida salom berayotgan oʻgʻil-qizlarda ana shunday kayfiyatni sezdik. Oʻquvchi formasi va oʻqituvchi libosi, hovlidagi manzarali koʻchatlar, oʻquv binosining fasadi diqqatimizni tortdi. Uchtepa tumanidagi 81-umumtaʼlim maktabiga bugun hamma havas bilan qaraydi. Boisi, necha yillar mobaynida taʼmirtalab boʻlgan, jihozlari eskirgan bu muassasa atigi uch oy ichida kapital taʼmirdan chiqarildi. Eʼtiborlisi, maktabning sobiq oʻquvchisi, “Real House” kompaniyasi taʼsischisi Isroil Yunusov tashabbusi bilan muassasa toʻliq rekonstruksiya qilinib, obod maskanga aylantirildi.

56 yil muqaddam qurilgan maktab binosi keyingi yillarda ancha taʼmirtalab boʻlib qolgandi. Baland va muhta­sham uylar qad rostlagan koʻcha yuzidagi ushbu maktabning yarmi kemtik panjarali devorlariga oʻtgan-qaytgan kishi bir qarab qoʻyardi. Toʻrt qavatli binoning tashqi devorlari ham nuray boshlagan, ayniqsa, maktabning qoʻshimcha binosi achinarli holatga kelib qolgandi. Sport maydonchasi ham qarovsiz daladek hech kimni bagʻriga chorlamasdi. Bir qarash­dagi tasavvur inson qalbiga singadi, deyishadi. Shu boisdanmi, oʻquvchilar qamrovi shu kungacha ming nafardan oshmasdi. Shart-sharoit taʼsirida boʻlsa kerak, oʻquvchilarning ham bilim olishga qiziqishi susaygandi. Bir necha yil avval maktablar monitoringida muassasa past natija koʻrsatgan. Oshxonasidagi anjomlar eskiligi, yuvinish moslamalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi sabab bolalar bu yerda tanovul qilishni istamasdi. Bunday sharoitda oʻquvchilarni tartib-intizomga chaqirish, ularning oʻqishga ishtiyoqini oshirish ham oson boʻlmasligi tabiiy.

Oʻn bir yil avval ushbu maktabga direktor etib tayinlangan Ziyoda Haydarova maktab muhitini oʻzgartirishga astoydil kirishdi. Ayniqsa, 81-maktab oʻsha paytda Toshkent shahridagi maktablar reytingida eng oxirgi oʻrinda turgani direktorni tashvishlantirdi. Shuning uchun maktab rahbari faqat oʻquvchi bilimini kuchaytirish, malakali mutaxassislarni jalb etish, fan oʻqituvchilarining tajribasi va masʼuli­yatini oshirishga harakat qildi. Vaziyat oʻzgarib, oʻquvchilar sport tanlovlari­ning tuman va shahar bosqichlari­da faol qatnasha boshladi. Oʻgʻil-qiz­larning fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvidagi ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Izlagan imkon topar, intilgan dovon oshar, deganlaridek maktab oʻtgan yilgi reytingda 300 dan ziyod umumtaʼlim muassasasi orasida 14-oʻringa chiqib oldi.

— Oʻquvchining yaxshi oʻqishi, kompyuter texnologiyalarini oʻzlashtirishi, kelajagiga masʼulligini his etishi uchun, eng avvalo, kuchli motivatsiya lozim, — deydi maktab direktori Ziyoda Haydarova. — Biz shu maqsadda maktabda mashhur insonlar bilan uchrashuv­lar uyushtirishni odat qildik, muzeyga sayohat va ekskursiya darslarini koʻpaytirdik, ota-onalar bilan yaqindan muloqotga kirishib kelyapmiz. Men hamisha atrofimdagilarda ham mukammallikka intilish hissini uygʻotgim keladi. Mukammallikka erishish kechadan bugunning farq qili­shidir. Bu intilishlarga vaziyatlar, sharoitlar, imkoniyatlar ham mos kelmogʻi kerak. Oʻtgan yili xuddi mana shu paytlari jamoamiz bilan bugunimiz, ertangi taraqqiyotimiz ustida bosh qoti­rib oʻtirgandik. Faxriy oʻqituvchilar bilan bamaslahat tadbirkor va jamiyatda oʻz oʻrnini topgan sobiq oʻquvchilarni izlay boshladik. Shukrki, maktabning obodligi uchun hissa qoʻshishga tayyor homiylarimiz safi kengaya bordi. Oʻquv yili yakunida “Real House” kompaniyasi koʻmagida kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlarini boshlab yubordik. Uch oy davomida 150 nafar quruvchi-usta tinmay mehnat qildi, pedagogik jamoa ham birlashib “Hamma maktab uchun!” tashabbusini qoʻldan bermadi. Saxovatli insonlar yordamida oʻquvchilarimiz yangi oʻquv yilini oʻzgacha kutib oldi. Maktab koʻrinishi avvalgidan butunlay oʻzgarib, yuksak darajadagi did va katta mablagʻ evaziga zamonaviy qiyofaga ega boʻldi. Kundan kunga maktabimizda oʻquvchi soni ham ortyapti. Shu qisqa davr ichida oʻquvchilar soni 1 400 nafardan oshdi. Ularga 81 nafar malakali pedagog taʼlim-tarbiya bermoqda.

Isroil Yunusov boshchiligida muassasa atrofi zamonaviy panjara bilan oʻraldi, 16 709 kv metr maktab hududi koʻkalamzorlashdi, manzarali daraxt va gullar ekil­di. Katta darvozadan tortib kichik metodik xonalar, toʻgarak zallari­gacha sifatli taʼmirlandi. Maktabning 70 oʻrinli koʻrimsiz yemakxonasi kengay­tirilib, 160 oʻrinli ozoda oshxonaga aylantirildi. Oʻquv zallaridagi yoʻlaklar ham batamom oʻzgardi, sinfxonadagi eshik va derazalar zamonaviy romlarga almashtirildi. Xona va zallardagi har bir isitish tizimi, elektr moslamalari sifatli va yorqin koʻrinish kasb etdi. Bunday tashabbusga guvoh boʻlgan boshqa homiylar, tadbirkor sobiq oʻquvchilar va ota-onalar ham imkoni boricha maktabga yordam qoʻlini choʻzdi. Ular tomonidan tikuv mashinalari, sport anjomlari tuhfa etildi. Bu yangilanishlar, shinam va chiroyli manzaralar oʻqituvchilarni yanada birlashib ishlashga, oʻquvchilarni oʻz qobiliyatiga koʻra bilim va hunar oʻrga­nishga undadi. Taekvondo, gimnastika, shaxmat, oshpazlik, tikuvchilik, aktyorlik kabi toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Koʻplab koʻngilochar tadbirlar uyushtirilishi bolalarning iqtidorini namoyish eti­shiga imkon yaratdi. Ayni paytda rus tili fani oyligi Muxtabar Salimova rahbarligida koʻngildagidek oʻtmoqda. Mazmunli ochiq darslar, teatr tomoshalari, rus xalqi anʼana va milliy madaniyatini namoyish etuvchi tadbirlar tashkil etildi.

Bola ruhiyati oʻzgarsa...

Zamonaviy oʻquv maskanining koʻri­nishi barchaga ilhom bagʻishladi. Fidoyi, chaqqon, samimiy rahbarning koʻrsatmalari asosida oʻqituvchilar yangi takliflar bilan chiqdi. Maktab psixologlari Dildora Rahimova va Zarofat Hoshimovaning saʼy-harakati bilan “Baxtli maktab” tadbiri amalga oshirib kelinyapti. Undan maqsad oʻqituvchi va oʻquvchilar orasida doʻstona muhit yaratish, ruhiy holat­ni oʻzgartirish bilan taʼlim sifatini ham oʻzgartirishga erishishdir. Hozirgacha bu tadbirning ijrosi jinoyatchilik, huquqbuzarlik, oʻqituv­chi va oʻquvchilardagi ruhiy zoʻriqish holatlarining oldini olishga qaratildi. Qolaversa, mutaxassislar psi­xolog yordamiga muhtoj, ichki tartib-intizomga boʻysunmaydigan bolalar bilan ishlashdi. Natijada shu vaqt mobaynida maktab oʻquvchilari biror noxush vaziyat bilan tuman IIB roʻyxatiga tushmay kelmoqda. Bolalarning ruhiyatidagi oʻzgarishlar, ularning kayfiyati, intilishi va maqsadlari kuzatildi. Past oʻzlashtiruv­chi yoki tarbiyasi ogʻir bolalarning psixologiyasi, oila­viy muhiti oʻrganildi. Natijada koʻpgina oʻquvchilarning yurish-turishi, oʻzini tuti­shi, mashgʻulotlarga qatnashi ijobiy tomonga oʻzgardi. Zero, ruhiyati siniq bolaning qarshisida soatlab maʼruza oʻqish yoki dars oʻtishdan oldin uning qalbiga kirib borish muhimdir.

— Maktabimiz tuman boʻyicha shaxmat, shahar boʻyicha yapon tili oʻqitiladigan muassasa sanaladi, — deydi maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Sayyora Saidinomova. — Kelgusida yuqori natijalarga eri­shish uchun oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik­ni yoʻlga qoʻydik. Jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti professorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Yaqin kunlarda “Rektor va yoshlar uchrashuvi”ni tashkil etib, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda ishlay boshlaymiz. Bu tadbirlar oʻquvchilar­ning oliy maʼlumotli boʻlishga intilishini kuchaytiradi. Bolalar oʻz xohishi bilan toʻgaraklarga aʼzo boʻlib, kutubxonaga kirish uchun navbatda turayotgani shunchaki gap emas. Chunki kutubxona­miz “Besh tashabbus karvoni” koʻmagida jahon va oʻzbek adabiyoti durdonalari bilan boyitildi.

Xalqimizda “Oʻng qoʻling qilgan yaxshilikni chap qoʻling bilmasin”, degan naql bor. Haqiqatan, shunday saxovatpesha insonlar borki, ularning maktab uchun qilayotgan xayrli ishlari tahsinga sazovor. Bu homiylarni jalb etayotgan menejer-rahbarlar esa gʻoyibdan koʻmak berilishini kutib oʻtirmaydi. Zotan, unmoq, oʻsmoq, kelajakni qurmoq shu ostonadan boshlanadi, aslida. Navnihol farzandlarimiz bu gʻamxoʻrlikka loyiqdir. Maktabni qutlugʻ dargoh deb bilgan tadbirkorlarning qoʻli savob ishdan tolmasin.

Shoira Boymurodova

Manba: marifat.uz

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?