Poytaxtimizda “Yosh tadbirkorlar” forumi boshlandi

01:45 19 Dekabr 2018 Jamiyat
899 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yoshlar ijodiyot saroyida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda xorijlik mutaxassislar, ekspertlar, biznes sohasi vakillari, davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit olgan yuzdan ortiq yosh ishbilarmonlar qatnashmoqda.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Forumda yosh tadbirkorlar mahsulotlari koʻrgazmasi hamda “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazmada hunarmandchilik, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishning turli yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan yigit-qizlar oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda. Ular orasida xorijlik ishbilarmonlar ham bor.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

— Yurtingizga kelishimizdan maqsad, avvalo, Oʻzbekistonning iqtisodiy sharoitini, savdo aloqalarini oʻrganish, — deydi “Chjunya Sinlu” kompaniyasi bosh menejeri Szi Syaonan. — Bundan tashqari, jamoatchilikni korxonamiz faoliyati bilan tanishtirish. Biz avtomobillar va mototsikllar uchun batareykalar ishlab chiqaramiz. Ushbu koʻrgazmada oʻz mahsulotlarimizdan namunalar olib keldik. Ishonamanki, Oʻzbekistonda ularning savdosi boʻyicha ishonchli hamkorlar topamiz.

Yoshlar orasida asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik, chinni buyumlar, qurilish mollari ishlab chiqarish kabi istiqbolli tadbirkorlar yoʻnalishlari bilan shugʻullanayotganlar ham talaygina ekani diqqatga sazovor.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 Oshxona jihozlari ishlab chiqaruvchi korxonamiz 2013 yilda tashkil topgan. Dastlab toʻrt nafar ishchi bilan faoliyat boshlaganmiz, — deydi fargʻonalik yosh tadbirkor, “Munis fayzli mebellari” MCHJ direktori Ahliddin Faxriddinov. — Jamgʻarmadan kredit olib, faoliyat yoʻnalishlarimizni kengaytirdik. Natijada yana qirqta ish oʻrni yaratildi. Hozirda mehmonxonalar, xonadonlarimiz uchun moʻljallangan turli zamonaviy shakl va qulayliklarga ega boʻlgan mebellar ishlab chiqaryapmiz. Yangi yilda jamgʻarmadan yana kredit olib, eshik va romlar tayyorlashni hamda yana oʻn bitta qoʻshimcha ish oʻrni yaratishni rejalashtirganmiz.

Forum 20 dekabrgacha davom etadi.

Yulduz OʻRMONOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?