Poytaxt tungi klublarini qoʻllab-quvvatlash uchun qancha mablagʻ ajratildi?

18:11 21 Fevral 2019 Dunyo
634 0

Illyustrativ foto

2018 yilda Germaniya poytaxti Berlin shahri hukumati tomonidan klublar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 1 mln. yevro ajratildi.

Sababi Berlindagi klublarga tashrif buyuruvchilar ushbu hududni 1,5 mlrd. yevroga boyitgan. Bu haqda Inc manbasi Club Commission tashkiloti tadqiqotlariga asoslanib xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, klublarga keluvchilar kuniga oʻrtacha 200 yevro sarflar ekan. Albatta, ushbu xarajatlarni hisoblashda, klublardan tashqari, mehmonxonalar, bar va restoranlarga ketgan pullar ham inobatga olingan. Klublarning oʻzidan byudjetga 168 mln. yevro daromad kelib tushgan.

Berlinda klublar tarmogʻida qariyb 9 ming kishi ishlaydi. Ularning koʻpchiligi shartnoma asosida faoliyat yuritadi. Bu notoʻliq ish kuni va oyiga 450 yevrodan kam ish haqi deganidir. Lekin bunday xodimlar daromad soligʻidan ozod etilgan.

Turistlar uchun Berlindagi eng mashhur klublar Bundestag va Brandenburg darvozasi yaqinida joylashgan. Har yili bu yerga uch millionga yaqin klubchilar tashrif buyuradi.

Berghain, Tresor, Watergate va Sisyphos Germaniyadagi asosiy tungi klublardir. Umuman ularning soni 280ga yaqin.

“Kreativ industriya Berlin uchun har doimgidek eng asosiysidir va klublar uning eng muhim tayanchlaridan biridir”, - deydi klublar boʻyicha komissiya vakili Luts Leyxsenrig.

2018 yilda Berlin hokimiyati klublar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 1 mln. yevro ajratdi. Mazkur mablagʻlar, jumladan, ovoz izolyatsiyasi va klub hamda uning atrofida tartib-intizomni taʼminlovchi xodimlarga ketgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?