Poytaxt kanallari boʻyidagi noqonuniy qurilmalar: qars ikki qoʻldan...

03:53 11 Yanvar 2019 Jamiyat
506 0

Prezidentimizning 2018 yil 17 avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi Farmonida poytaxtimiz tumanlari hududidan oqib oʻtgan kanallarning qirgʻoq zonasida joylashgan noqonuniy inshootlarni bartaraf etish va uning atrofini obodonlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish belgilangan.

Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan oʻtgan yilning 26-27 dekabr kunlari monitoring olib borildi.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Uchtepa, Yashnobod, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli va Bektemir tumanlari hududidagi kanallarning qirgʻoq zonasida joylashgan noqonuniy inshootlarni bartaraf etish va ularning atrofini obodonlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan. Biroq ayrim kanallar boʻyida ilgari noqonuniy ravishda qurilgan inshootlar haligacha buzilmagani kuzatildi.

 

Arxiv foto

Toshkent shahar hududidan oqib oʻtuvchi 128 ta kanal va sugʻorish tarmoqlarining qirgʻoqboʻyida joylashgan 1300 dan ortiq obyekt va qurilmalar “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilgan holda joylashtirilgan. Misol uchun, “Boʻzsuv” kanali qirgʻoq hududi ayrim joylarda oʻzboshimchalik bilan oʻrab olingan, 180 dan ziyod obyekt va inshootlar qurilgan boʻlib, antisanitariya sharoitlari kuzatilgan hamda bularning barchasi suv obyektlarini choʻkindilardan tozalash uchun moʻljallangan texnikalarning kirishi va ishlashiga hamda qulay suv rejimi taʼminlanishiga toʻsqinlik qilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimligining ushbu masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, oʻtgan yilning iyul oyidan shu kunga qadar shahar kanallarining qirgʻoqboʻyi hududlarida jami 1320 ta noqonuniy qurilmaning buzilishi taʼminlangan.

Eshituvda shahar aholisining kanal suv havzalariga befarqligi hamda ekologik madaniyati sustligi sababli kanallarning sanitar ahvoli yildan-yilga yomonlashib borayotgani, ularni tozalashga ushbu joylarda turar va noturar obyektlarning mavjudligi toʻsqinlik qilayotgani taʼkidlandi. Ayni chogʻda kanallarga tutash hududlarda sayilgohlar tashkil etish boʻyicha joriy yilda rejalashtirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi. Xususan, bu yil kanallarning qirgʻoqlariga 30 kilometrdan ortiq uzunlikdagi muhofaza panjaralari oʻrnatiladi, 200 kilometrdan ziyod kanallar tozalanadi. Shuningdek, Yunusobod tumanidagi “Qoraqamish” kollektori hamda Botanika bogʻiga tutash hududdan oʻtgan “Salar” kanali yoqasida sayilgoh tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.

Eshituv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?