Poytaxt brendi tasdiqlandi

18:14 28 Fevral 2019 Jamiyat
336 0

Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi Qaror orqali poytaxt brendi (logotipi)ni tasdiqladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar hokimligi hamda Toshkent shahar maʼmuriyati Jamoatchilik kengashi tomonidan oʻtkazilgan tanlov natijasiga koʻra, shaharning ochiq turgan oltin darvozalari va moviy osmoni bilan birgalikda “T” harfini ifodalagan ramz eng maqbul deb topildi.

Yangi logotipdan Oʻzbekiston va xorijda oʻtkaziladigan turistik koʻrgazma hamda savdo yarmarkalarida, turistik obyektlarda, xarita, bosma va elektron nashrlarda; sayyohlar uchun moʻljallangan esdalik sovgʻalari, libos boshqa mahsulotlarda, shuningdek Toshkent shahri turizmiga bagʻishlangan reklama, videorolik, koʻrsatuvlarda foydalanish mumkin.

Poytaxt brendini ishlab chiqish boʻyicha tanlov oʻtgan yili kuzda eʼlon qilingan boʻlib, unga tayyorgarlik ishlari iyulda boshlangan. Tanlov hayʼati aʼzolari tarkibida Jamoatchilik kengashi vakillari, marketing, brending, dizayn sohasida Oʻzbekiston, Rossiya, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlarida yetuk tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar faoliyat olib borishdi.

Loyiha maqsadiga binoan, poytaxtga investitsiyalarni jalb etishni oshirish, Markaziy Osiyodagi hududlar oʻrtasida hayot kechirish, investitsiya va turizm uchun eng qulay boʻlgan mintaqa sifatidagi Toshkentning ijobiy qiyofasi belgilab olindi. Bir necha oy mobaynida ishlab chiqilgan brend “Toshkent — umumiy uyimiz” gʻoyasiga asoslangan.

Logotip bosh gʻoyasi tamoyillarida ochiq darvozalar tasviri orqali shaharning mehmondoʻstligi hamda bagʻrikengligi, shuningdek moviy osmon tasviri ramzi vositasida esa farovon va osoyishta hayot mohiyati singdirilgan. Belgining asosiy jihati shundaki, uni turli holatga moslashtirib qoʻyish, mavzu jihatdan bezak, tasvir va shaklga moslashtirish mumkin. Bu esa, uni shaharning turli joyi hamda tadbirlari – jamoat joylari, muzeylar, xizmat koʻrsatish muassasalari, transport, koʻrgazma, madaniyat tadbirlarida oʻrnatish imkoniyatini beradi.

“Toshkentga kelgan sayyohlar uning mehmondoʻstligi hamda barcha uchun ochiqligini ushbu koʻrinish orqali tasavvur qilishadi. Shahardan qaytayotganda esa ularda har doim sevimli poytaxtning darvozalari barcha uchun doim ochiq boʻlishi toʻgʻrisida, qiziqarli jihatlari bilan iliq taassurot qoldiradigan yorqin xotiralar qoladi”, — deb tavsiflanadi brend.

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi shahar brendi toʻgʻrisida unga qiziqqan shaxs va jurnalistlar uchun taqdimot oʻtkazishni rejalashtirgan. Tadbirda olib borilgan ushbu jarayon haqida maʼlumot beriladi. Shahar brendining taqdimoti videosi va infografikasining toʻliq taqdimoti uni toʻliq yuklab olish uchun saytga qoʻyiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?