Poyabzali ichida tilla taqinchoq olib oʻtmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

15:22 05 Sentyabr 2018 Jamiyat
189 0
Foto: bojxona.uz

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari havo yoʻllari orqali tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib oʻtilishiga qarshi chora-tadbirlarni muntazam davom ettirmoqda. Davlat Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tilla va zargarlik buyumlarini antiqa usulda olib oʻtmoqchi boʻlgan shaxs toʻxtatib qolingan.

Bojxona nazoratidan “qizil” yoʻlak orqali oʻtar ekan, fuqaro G.Z. bojxonachilarning koʻzini shamgʻalat qilishga urinadi. Yaʼni yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilmasdan turib, 207 gr. ogʻirlikdagi tilla taqinchoqlarni poyafzalining ichki qismiga yashirgancha olib kirmoqchi boʻladi. Ammo uning bu qingʻir rejasi naf bermadi.

Mazkur zargarlik buyumlarining taxminiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 41 mln 400 ming soʻmni tashkil qilar ekan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?