Pochta joʻnatmalarini onlayn kuzatish mumkin boʻladi

17:34 10 Oktyabr 2020 Hujjatlar
176 0

Hukumat qarori (637-son, 09.10.2020-y.) bilan Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoʻllanuvchi xat-xabarlarni yetkazib berish, yetkazilganligini tasdiqlash, maʼlumotlarni saqlash va hisobga olishning yagona milliy tizimi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan quyidagi pochta joʻnatmalari Yagona milliy tizim orqali yoʻllanadi:

▪️ yuridik va jismoniy shaxslar nomiga yuboriluvchi xat-xabarlar, shu jumladan, ular tomonidan yoʻllangan murojaatlarga yozilgan javob xatlari;

▪️ toʻlov xabarnomalari va bildirishnomalar;

▪️ chaqiruv qogʻozlari, sud xabarnomalari va protsessual hujjatlar;

▪️ davlat xizmatlarini koʻrsatishning natijalari;

▪️ maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qarorlar.

Yagona milliy tizim orqali pochta joʻnatmalarini yetkazib berish bilan bogʻliq xizmatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Har bir pochta joʻnatmasi toʻgʻrisidagi maʼlumot Yagona milliy tizimdan onlayn kuzatib borilishi mumkin.

Yagona milliy tizimga elektron tarzda tushgan pochta joʻnatmalari avtomatik ravishda tegishli manzillar boʻyicha pochta aloqasi bogʻlamalariga tarqatiladi.

Tegishli pochta aloqasi bogʻlamalariga elektron shaklda tushgan pochta joʻnatmalari qogʻoz koʻrinishida chop etilib, manzillar boʻyicha joʻnatiladi.

Qogʻoz koʻrinishida chop etilgan pochta joʻnatmalarini qabul qiluvchiga yetkazib berishning imkoniyati boʻlmaganda joʻnatma 6 oy davomida saqlanadi.

“Oʻzbekiston pochtasi” AJ Yagona milliy tizim operatori hisoblanadi.

Huquqiy jihatdan ahamiyatli boʻlmagan xat-xabarlarni yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?