Pochta xizmati kuryeri qanday qilib yulduz futbolchiga aylangandi? 

13:30 07 May 2020 Sport
433 0

Kamtarona jismoniy koʻrsatgichlar bilan kishi jahon futbolida oʻz oʻrnini topa olishi mumkinmi? Mumkin. Bunga Jan Tigana misol boʻla oladi. Hatto oʻzining eng yaxshi yillarida ham boʻyi 172 santimetr, vazni 62 kilogrammdan oshmagan Tigana dunyo futboli tarixidan munosib oʻrin ola bildi. Vaholonki, uning darajasidagi ijrochilarning hech biri katta futbolda Tiganachalik qarshilikka duch kelmagan.

Janning bolaligi juda ogʻir kechdi. Oilada toʻqqiz opa-uka edilar. Malidan Fransiyaga qashshoqlik vajidan koʻchib kelishgandi. Jan Marselning “Olimpik” jamoasi ishtirokidagi oʻyinlarni stadiondan koʻrish uchun nimalarni qilmagandi, deysiz. Chipta narxi oʻn frank turardi. Ammo choʻntakda hech vaqo yoʻq. Shunda bolakay yoshi katta muxlislarga ergashib stadionga borar, nazoratchi chiptaga koʻz yugurtirish bilan ovora boʻlgan pallada oʻzini ichkariga urardi. Tigananing oilasida “oʻqish”, “mashgʻulot” degan tushunchalar yoʻq edi. Faqat yashash uchun kurash bor edi, xolos. Otasining ogʻir kasal boʻlishi Janni ham pul ishlab topishga majbur etdi. Pochta xizmatiga kuryer boʻlib ishga joylashdi. Biroq koʻcha futbolini kanda qilmadi. Ammo 20 yoshga kirguniga qadar uni biror bir klubga qabul qilishmadi. Futbol mutaxassislari koʻziga Tigana ojiz, jismonan kuchsiz koʻrinardi. Oʻsha paytlarda Yevropada Gollandiyaning “Ayaks” jamoasida toʻp surayotgan futbolchilar etalon sanalishardi. Baland boʻyli, jismonan baquvvat, kelbatli va kuchli edi ular. Jan Tigana ular oldida kim boʻlibdi?

Qahramonimiz bir kuni Kassi shaharchasiga bordi. Bu yerdagi pochta ofisida ish bor, deb eshitgandi. Ammo joy band ekan.Tabiiyki, Jan xunob boʻldi. Keyin plyajga yoʻl oldi. Bu yerda tasodifan toʻplangan yigitlar bilan futbol oʻynadi. Omadni qarangki, shu plyajda “Tulon” klubi bosh menejeri Iv Kuderk dam olayotgan ekan. U Jan bilan tanishdi va bir yillik stajirovka oʻtash uchun qahramonimizni oʻz klubiga taklif qildi. Garchi, bu kamtarona taklif boʻlsa-da, Tigana omadi chopganidan yettinchi osmonda edi.

1975 -76 yilgi mavsumda unga oʻzini koʻrsatish uchun imkoniyat tugʻildi. Safdoshlaridan biri oʻyindan chetlatilgani bois uni maydonga tushirishdi. Jan shunaqangi oʻynab qoʻydiki, klub darhol unga toʻrt yillik shartnoma taklif qildi. Biroq ikki yil oʻtib, bosh murabbiy Marsel Dyuval bilan tortishib qoldi. Oqibatda unga chiqish eshigini koʻrsatib qoʻydilar.

Biroq endi unga unchalik qiyin emasdi.Chunki qanaqangi futbolchi ekanini boshqalar endi bilishardi. Shu boisdan “Lion” uni oʻz safiga qoʻshib oldi. Bu yerda u haqiqiy murabbiyning qoʻliga tushdi. Jamoa ustozi Eme Jake chaqqon, tezkor, eng muhimi, aqlli va yuqori texnika egasi boʻlgan Tigananing fazilatlarini munosib baholay oldi. Uzoqni koʻra biladigan donishmand Eme Jake, avvalo, shogirdining yugurish borasidagi imkoniyatlarini oshirish bilan shugʻullandi. Uning jismoniy holatini talab darajasiga keltirish uchun esa ikki yil vaqt ketdi. Trener Tigananing maydondagi pozitsiyasini ham bir oz oʻzgartirdi. Ilgari u pleymeykerlik vazifasini bajarardi. Endilikda koʻproq himoyada toʻp suradigan va ortdan turib raqib jarima maydonchasiga xanjardek yorib kiradigan boʻldi. Eme Jakening Tigana isteʼdodini yuzaga chiqarish borasidagi mehnati 1982-yilgi jahon chempionatida oʻz samarasini koʻrsatdi. Qahramonimizning hech kimga oʻxshamaydigan, oʻziga xos mahorati millionlab futbol muxlislariga quvonch bagʻishladi. Shunisi qiziqki, Tigana juda kerakli boʻlib turgan pallada oʻzining reydlarini uyushtirar va ular muvaffaqiyat keltirardi. Oʻsha yillarda fransuzlar safida Mishel Platini lider ekanini hamma eʼtirof etar, ammo Tigananing juda foydali futbolchiligini aytishni ham unutishmasdi.

Tigananing butun faoliyatiga uning “Yevro — 84”da Portugaliya terma jamoasi bilan boʻlib oʻtgan yarim final bahsida amalga oshirgan reydi tashrif qogʻozi vazifasini oʻtagan deyish mumkin. Oʻshanda uchrashuvga qoʻshib berilgan vaqt nihoyasiga yetayotgan, hisob 2:2 boʻlib turgandi. Tigana toʻpni egallab, yoʻlida uchragan barcha himoyachilarni ortda qoldirdi va Platiniga shunaqangi qulay pas berdiki, uni darvozaga aniq yoʻlamaslikning iloji yoʻq edi. “Menda Platini va Jiressdagi talant boʻlmagan. Lekin buning oʻrnini qattiq mehnat evaziga qoplaganman” degandi keyinchalik Tigana.

1980-yilda Eme Jake “Lion”dan ketib, “Bordo”ga bosh murabbiy boʻldi.Bir yil oʻtgach esa, shu klubga Jan Tiganani ham olib keldi. Rene Jirar, Alen Jiress va Bernar Lyakomb kabi texnikasi yuqori futbolchilar bilan birga ajoyib ansamblni tashkil etgan Tigana “Bordo”ning 80-yillar oʻrtasidagi ajoyib yutuqlariga katta ulush qoʻshdi. “Bordo” Yevropaning kuchli klublaridan biriga aylandi. Toʻrt yil orasida u uch bor mamlakat chempionligini qoʻlga kiritdi.

Tigana yana ikkita oltin medalni oʻz faoliyatining oxirgi ikki mavsumida qoʻlga kiritdi. Bu davrni u Marselda oʻtkazdi. Oʻshanda 34 yoshda edi. Bernar Tapi qahramonimizni oʻz klubiga taklif etdi. Lekin Marselda kechgan ikki mavsum Tigana uchun qarama-qarshi hissiyotlarga boy boʻldi. 1989 -90 yilgi mavsumda “Olimpik” jamoasini Frans Bekkenbauer boshqardi. Tigana bilan uning oʻrtasida toʻlaqonli ishonch mavjud edi. Nemis mutaxassisi faxriy futbolchining hurmatini joyiga qoʻyardi. Ammo oradan koʻp oʻtmay jamoaga Raymon Gutals bosh murabbiy etib tayinlandi. Belgiyalik bu mutaxassis Tiganani zaxira oʻrindigʻi futbolchisiga aylantirdi. Jan mashgʻulotlarda nechogʻli qattiq mehnat qilmasin, uni maydonga tushirmadi. Hatto Tigananing safdoshlari ham trenerning bu adolatsizligidan taajjubga tushib, futbolchining yonini olishdi. Biroq foydasi boʻlmadi. ”Gutals Tiganani qarib qolgan deganida men karaxt ahvolga tushdim” degandi futbolchilardan biri.

Toʻgʻri, Gutals uni zarurat yuzasidan maydonga tushirishga majbur boʻldi. Bu Chempionlar kubogi yarim finalida “Spartak”ka qarshi uchrashuvda roʻy berdi. Jan Moskvadagi oʻyinda ham, Marseldagi uchrashuvda ham bor mahoratini namoyish etdi. “Olimpik” har ikki oʻyinda ham gʻalaba qozondi. Barcha bu yutuqqa Tigana salmoqli ulush qoʻshganini eʼtirof etdi. Ammo faqat Gutalsgina sukut saqladi. Final uchrashuvida esa Tiganani maydonga tushirmadi. Hal qiluvchi bahsda “Srvena Zvezda” penaltilar seriyasida gʻolib chiqdi.

Biz yuqorida Tigana barcha narsaga oʻzining mashaqqatli mehnati evaziga erishganini aytdik. Texnikasi juda yuqori, abjir futbolchi odatda koʻp jarohat oladi. Tigana ham bundan istisno emas. U oʻz faoliyati davomida juda koʻp bor jarrohlik stoliga yotdi. Himoyachilar uning aldamchi harakatlari oldida ojiz qolishgach, qoidani buzishdan boʻlak chora topisha olishmasdi. “Hammasidan koʻra jarohat olib qayta maydonga tusha bilmaslikdan qoʻrqaman” degandi u bir suhbatida. Jan mustahkam iroda evaziga shu qiyinchiliklarni ham yengib oʻtdi. Katta futbolda yorqin iz qoldirdi. Keyin esa trenerlik qildi. “Lion”, “Monako” , “Fulxem” jamoalarini boshqardi. Ayrimlar uni Fransiya terma jamoasini boshqarsa kerak, deb oʻylashgandi. Ammo bunday boʻlib chiqmadi. Tigana bu orada uzumchilik bilan ham shugʻullanib, bogʻlari hududini sakkiz gektarga yetkazdi. Fransiyada oʻz vino biznesini yoʻlga qoʻydi.
Tigana 1984-yilgi Yevropa chempioni, 1986-yilgi jahon chempionati bronza medali sohibi. U 1984-yilda Fransiyaning eng kuchli futbolchisi deya topilgan. “Xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?