Plastik operatsiyalar tufayli joriy yilda olti kishi hayotdan ko‘z yumgan

15:36 17 Iyul 2018 Dunyo
519 0
Illyustrativ foto

Rossiyada plastik jarrohlik amalga oshirayotgan tibbiyot muassasalari rejadan tashqari tekshiriladi. Ushbu jarayonlar yil oxiriga qadar davom ettiriladi. Uning yakunlari kelgusi yil 1 fevral kuni e’lon qilinadi. Hukumat tegishli idoraga mazkur masala bo‘yicha topshiriq bergan, deyiladi gazeta.ru xabarida.

Qayd etilishicha, bunday favqulodda qaror plastik jarrohlik sohasida tibbiy yordam ko‘rsatishda qator qonun buzilishlar kuzatilgani, hatto bular mijozlar o‘limiga sabab bo‘lgani tufayli o‘tkazilyapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2018 yilning o‘zida plastik operatsiyani boshidan o‘tkazgan olti nafar mijoz hayotdan ko‘z yumgan. Mazkur holatlarning ba’zilari Rossiya tergov qo‘mitasi tomonidan tekshirilyapti.

Masalan, shu fevral oyida Stavrapol o‘lkasidagi shahar shifoxonasida plastik operatsiya chog‘ida komaga tushib qolgan mijoz iyun oyida vafot etdi. Hayotdan ko‘z yumgan ayol o‘zi akusher-ginekolog bo‘lgan va operatsiyaga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rgan, tahlillarni topshirgan. Shifokorlar ham jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun hech qanday to‘siq ko‘rmagan. U operatsiya tugab, narkoz ta’siri ketgach, o‘ziga kelgan, biroq biroz vaqt o‘tib, komaga tushib qolgan va o‘ziga kelmagan. Uning qarindoshlarining aytishicha, bemorni operatsiyadan keyin reanimatsiya bo‘limiga emas, ginekologiya bo‘limiga olib o‘tishgan. Oqibatda uning nafas olishi to‘xtab qolgani kech aniqlangan. Ushbu voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilyapti.

Plastik jarrohlik oqibatida Moskvadagi xususiy klinikalarda 29, 32 va 54 yoshli Rossiya fuqarolari, 41 yoshli Kanada fuqarosi ham hayotdan ko‘z yumgan.

Xabarda mazkur klinikalarda zarur sharoitlar va kadrlarning yo‘qligi, shifokor va hamshiralarning mas’uliyatsizligi, sifatli dori-darmonlar o‘rniga ularning sifatsiz hamda arzon muqobillari ishlatilganligi ana shunday holatga olib kelgan bo‘lishi mumkinligi keltirib o‘tilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?