Nestor Pitana JCH2018ning ochilish bahsini ham boshqargan edi

13:22 13 Iyul 2018 Sport
682 0
Foto: russian.rt.com

Oldinroq FIFA referisi Nestor Pitana chempionati final o‘yiniga tayinlangani haqida xabar bergan edik.

E’tiborlisi, bu 43 argentinalik hakam uchun Rossiya maydonlarida o‘tayotgan jahon chempionatidagi beshinchi uchrashuv bo‘lmoqda. Nestor Pitana mazkur mundialning Rossiya — Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ochilish o‘yinini ham boshqargan edi. Bundan tashqari, u guruh bosqichidagi Meksika — Shvetsiya, 1/8 final bosqichidagi Xorvatiya — Daniya hamda 1/4 finaldagi Urugvay — Fransiya o‘yinida ham ishladi. Ana shu bellashuvlarda Pitana jami beshta sariq kartochka (Xorvatiya — Daniya bahsida bitta, Urugvay — Fransiya uchrashuvida 4 ta) ko‘rsatdi. Qizil yo‘q.

Ko‘rinib turibdiki, Nestor Pitana mazkur jahon chempionatida har ikki finalchi ishtirokidagi bahslarda hakamlik qilgan. Demak, u finalda to‘p suradigan jamoalarning futbolchilari haqida yetarli ma’lumotga ega. Ayni shu jihat Pitanaga finalda ishlashiga katta qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin.

Nestor Pitana o‘z tvitterida mazkur bahsga tayinlanganiga munosabat bildirib, quyidagicha yozdi: “Jahon chempionati finaliga hakam sifatida tayinlanish men uchun katta sharaf. Har ikki jamoaga omad, men qo‘limdan kelganini qilaman”

Finalda Nestor Pitanaga qanotlarda vatandoshlari Ernan Maydana va Xuan Belatti yordam berishadi. Zaxira hakami — Born Kuypers, zaxira assistenti — Ervin Zeynstra (har ikkalasi ham Gollandiya).

Fransiya — Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi final bahsi 15 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da Moskvadagi “Lujniki“ stadionida boshlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?