Pillachilik ish oʻrinlari yaratishda katta imkoniyat

01:10 30 Noyabr 2018 Siyosat
1264 0

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xiva tumanidagi “Khiva Silk Fabric” korxonasini borib koʻrdi. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Boʻsh turgan binoni modernizatsiyalash orqali amalga oshirilgan loyihaning birinchi bosqichi joriy yil avgust oyidan ishga tushirildi. Xitoydan ixtisoslashgan uskunalar olib kelib oʻrnatildi.

Klaster usuliga asoslangan korxona yiliga 140 tonnadan ziyod quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda 110 kishi, asosan ayollar ish bilan taʼminlangan. Viloyat miqyosida olganda esa, bugungi kunda pillachilik tarmogʻida mingta doimiy, 30 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Pillachilikda odamlarni, ayniqsa, ayollarni ish bilan taʼminlash boʻyicha katta imkoniyatlar borligi, xorijdan katta bargli tut navlarini olib kelib, shunday korxonalarni har bir tumanda tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Kelgusi yildan korxonada ipak tolasidan mato va tayyor kiyim-kechak tayyorlash, gʻumbakdan laboratoriya usulida yogʻ olish yoʻlga qoʻyiladi. Ipakni olgandan keyin pilla ichida qoladigan gʻumbakka shu kungacha bizda chiqindi sifatida qaralgan. Oqsilga juda boy gʻumbakdan kosmetologiyada ishlatiladigan qimmatbaho yogʻ olinadi. Xitoyda bu yogʻning 1 litri 40-50 dollar atrofida sotiladi.

Korxonada xitin va xitozan moddasi, biologik faol qoʻshimchalar, gʻumbak konservasi, tut bargidan choy va shirinliklar ishlab chiqarish ham koʻzda tutilgan.

Hozirdanoq qiymati 1,1 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolangan. Xususan, Xitoy va Pokistonga ipak mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan.

Shu yerda Xorazmda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va bogʻdorchilikni rivojlantirish, qovun yetishtirishni koʻpaytirish va eksport qilish, asosiy va takroriy ekinda sholi yetishtirishga oid istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Prezidentimiz loyihalarni sifatli bajarish, aholini sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash, ish oʻrinlari va daromad manbalarini koʻpaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Toshsoqa magistral sugʻorish kanallarini qayta qurish boʻyicha bajarilgan ishlar bilan tanishar ekan, qurilish ishlarini izchil davom ettirish, suvni tejashga qaratilgan bunday loyihalarni boshqa viloyatlarda ham amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?