PFL xodimi pora bilan qoʻlga tushdi

17:54 18 Yanvar 2019 Sport
906 0

Illyustrativ foto

Professional Futbol Ligasi Sport boʻlimi xodimi R.K. pora sifatida 1500 AQSH dollarini olayotgan paytda qoʻlga tushdi, deb xabar beradi OʻFA rasmiy sayti.

U Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani “Ittifoq” jamoasini Pro-liganing V guruhida ishtirok etishi uchun litsenziyalashdan oʻtkazib berish evaziga 2500 AQSH dollari miqdorida pora soʻragan. Bu haqda xabar topgan OʻFA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir oʻtkazgan.

Ana shu tadbir natijasida R.K. Oʻzbekiston Davlat Konservatoriyasi yonida 1500 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan paytda qoʻlga olingan. Bu holat yuzasida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasi hal qilinmoqda.

Shuningdek, R.K. bilan birga mana shunday tamagirlikka qoʻl urgan jinoiy sheriklari ham qonun oldida javob beradi, deyiladi OʻFA xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?